Jahon | 09:46 / 03.11.2023
6623
2 daqiqa o‘qiladi

AP: Shimoliy Koreya Rossiyaga ballistik raketalar bergan bo‘lishi mumkin

Seuldagi harbiylar Pxenyanni Rossiyaga qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalar, tankka qarshi va ko‘chma zenit raketalari, shuningdek, miltiqlar, raketa uchirish qurilmalari, minomyotlar va snaryadlar yuborganlikda gumon qilmoqda, deya xabar beradi AP.

Foto: kcna.kp

Shimoliy Koreya Ukrainaga qarshi urush olib borish uchun Rossiyaga artilleriya snaryadlaridan tashqari bir necha turdagi raketalarni taqdim etgan bo‘lishi mumkin, deb xabar berdi Associated Press 2 noyabr, payshanba kuni Janubiy Koreya harbiylariga tayanib.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi «aniqlanmagan miqdorda» qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalar, tankka qarshi raketalar va ko‘chma zenit raketalari, shuningdek, miltiqlar, raketa uchirish qurilmalari, minomyotlar va snaryadlarni olgan bo‘lishi mumkin.

Shimoliy Koreya AQSh bilan xavfsizlik sohasida davom etayotgan taranglik va pandemiya tufayli yuzaga kelgan ichki qiyinchiliklar sharoitida Rossiya va Xitoy bilan hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. KXDRning aniq iqtisodiy muammolaridan ayrim xorijiy diplomatik vakolatxonalarini yopish rejalari dalolat beradi, deya qayd etadi AP.

Bir milliondan ortiq artilleriya snaryadlari

Bir kun avval Bloomberg Janubiy Koreya razvedkasiga tayangan holda Shimoliy Koreya Rossiyaga bir milliondan ortiq artilleriya snaryadlarini yuborganini, Rossiya armiyasi ulardan Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgani haqida xabar bergan edi. O‘tgan haftada AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning Rossiyaga harbiy texnika va o‘q-dorilar yetkazib berishini keskin qoralab, bunday yuklar «Rossiya urushi qurbonlari sonini sezilarli darajada oshirishi»ni bildirgan edi.

Moskva va Pxenyan bu ayblovlarni asossiz deb rad etdi.

Mavzuga oid