Dias «Liverpul»ni qutqardi va otasini ozod etishga chaqirdi, «Real» yetakchilikni yo‘qotdi
Bellinghem mo‘jiza ko‘rsatishdan to‘xtadi, «Real» derbida tarixiy durang qayd etdi. Yakshanba kuni Yevropa futbolida sodir bo‘lgan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: Nunes to‘qqizta zarba berdi va gol ura olmadi
«Luton» – «Liverpul» 1:1
Gollar: 1:0 – 80 Chong, 1:1 – 90+5 Dias
«Luton» – Kaminski, Kabore, Loker, Osho, Menji, Dauti, Taunsend (Chong, 61), Barkli, Nakamba, Ogbene (Braun, 79), Morris (Adebayo, 75).
«Liverpul» – Alisson, Aleksander-Arnold, van Deyk, Konate, Gomes (Tsimikas, 67), Soboslai (Elliott, 66), Mak Allister, Gravenberh (Dias, 83), Saloh, Diogu Jota (Gakpo, 66), Nunes.
Ogohlantirishlar: Nakamba (44), Mak Allister (54).
«Liverpul» qatorasiga ikkinchi tur ortida «Aston Villa»ning nafasini his qilib o‘ynaydigandek tuyulgandi, ammo Unai Emeri jamoasi kunning birinchi o‘yinida Nottinghemda mag‘lub bo‘ldi (0:2). O‘z-o‘zidan, qizillarda bir o‘q bilan ikki quyonni urish imkoniyati yuzaga keldi. Nafaqat birminghemliklardan ilgarilab ketish, balki turnir jadvalida bir kun oldin mavsumdagi ilk mag‘lubiyatini qabul qilib olgan «Arsenal»dan o‘zib ketish ham mumkin edi.
Xavfli hududdagi «Luton» kutilmaganda favoritdan ochko olishni uddaladi. Bu esa bir jihatdan ideal pozitsiyada, darvozadan bir necha metr masofadan turib aniq zarba bera olmagan Darvin Nunesning aybi bilan bo‘ldi. Ushbu urugvaylik hujumchi o‘yin davomida to‘qqiz bor darvoza tomon zarba yo‘lladi (shundan uchtasi darvoza sohasiga aniq bordi) va birorta gol ura olmadi. Endi u qulay vaziyatlardan foydalana olmaslik bo‘yicha APLda faqat Holand va Uotkinsdan (11 tadan) ortda qolmoqda.
Keyin undan ham yomonroq ish sodir bo‘ldi. Burchak zarbasidan keyin jarima maydonida penalti ishlashga harakat qilgan «Liverpul» qarshi hujumdan gol o‘tkazib yubordi. Chongning goli «Luton» uchun bayram, qizillar uchun — dahshatning o‘zi edi. Mehmonlar baxtiga xaloskor topildi, o‘yinga qo‘shib berilgan sakkiz daqiqaning beshinchisida Elliotning ideal uzatmasidan keyin gol hammadan ko‘ra kerak bo‘lgan futbolchi tomonidan urildi. Dias boshi bilan darvozani ishg‘ol etdi va futbolkasini ko‘tarib, o‘g‘irlab ketilgan otasini ozod etish chaqirilgan yozuvlarni namoyish etdi.
Ispaniya: «Rayo» devori
«Real» – «Rayo Valekano» 0:0
«Real» – Arrisabalaga, Karvaxal, Alaba, Ryudiger, Fran Garsiya (Kroos, 72), Modrich (Rodrigo, 70), Valverde, Kamavinga (Nacho, 85), Bellinghem, Vinisius Junior, Hoselu.
«Rayo Valekano» – Dimitriyevski, Ratsiu, Lejyen, Mumin, Espino, Palason (De Frutos, 86), Garsiya (Bebe, 75), Unai Lopes (Trexo, 60), Siss (Kike Peres, 61), Oskar Valentin, de Tomas (Falkao, 75).
Ogohlantirishlar: Ratsiu (45), Siss (57), Kamavinga (62), Vinisius Junior (74), Trexo (88), Dimitriyevski (90), Ryudiger (90), Lejyen (90).
«Real» tezkor gol evaziga natijani hal qilishi mumkin edi, ammo raqib himoyachisidan to‘pni olib qo‘yib, yakkama-yakka vaziyatga chiqib borgan Valverde Dimitriyevskini alday olmadi. Bunday o‘yinlarda odatda favoritning goli — vaqt masalasi ekani aytiladi. Ammo o‘yin davomida mezbonlarning omadsizliklari davom etdi va 10-daqiqada esa mavsum starti va klasiko qahramoni Bellinghem yerga noqulay qulab, yelkasini ushlab qoldi. Shifokorlar uni o‘ziga keltirish uchun bir necha daqiqa davomida urinishdi, uni almashtirishga tayyorgarlik ko‘rindi, ammo angliyalik yarimhimoyachi o‘yinni davom ettirishga tayyorligini bildirdi. U bir necha muhim uzatmalari bilan sheriklariga vaziyatlar yaratdi va o‘zi ham ikki bor zarba berdi.
«Real» birinchi bo‘limda golga haqli o‘yin namoyish etdi, ammo darvozani ishg‘ol etolmadi. Mezbonlar darvoza tomon 12 zarba yo‘lladi, shundan yettitasi jarima maydoni ichidan va ikkitasi darvoza sohasiga aniq bordi. Raqib esa Kepani umuman bezovta qilmadi. Hoselu aniqroq harakat qilganida dastlabki 45 daqiqalikda dubl qayd etishi ham mumkin edi. Ushbu forvard bungacha o‘zi boshlang‘ich tarkibda tushgan barcha besh o‘yinni golsiz tark etmagandi.
Ikkinchi bo‘limni ham «Real» juda tetik boshladi va «Rayo Valekano» darvozasini qamal qildi. Karlo Anchelotti bejiz «Barselona» ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin Jud hujumchi emasligi va shtatdagi forvardlardan ham gol kutishini aytmagandi. Hujumchilar harakat qilishdi. Vinius Junior bir necha epizodda antiqahramon sifatida namoyon bo‘ldi. Avvaliga ushbu braziliyalik bir necha metr masofadan gol urolmadi – shunchaki to‘pga tega olmadi, ammo darvozabonning oyog‘iga tepdi. Dimitriyevski jarohat oldi va shifokorlar yordamiga ehtiyoj sezildi. Keyin esa Vini raqib jarima maydonida yiqilib, penalti ishlamoqchi bo‘ldi, hakam unga ishonmadi.
«Rayo Valekano» ham o‘yinni muvozanatlashtirib, «Real»ning tezligini o‘chirdi, yaxshi qarshi hujumlar uyushtirildi. Tanaffusdan keyingi 15 daqiqalikda mezbonlarning jarima maydonida butun birinchi bo‘limdagidan ko‘proq to‘pga teginildi. Anchelotti esa jamoasini futbolchilarni almashtirish bilan «davolash»ga qaror qildi – Modrich va Fran zaxira o‘rindig‘iga yuborildi. Ularning o‘rniga kuchga to‘lgan ijodkor futbolchilar Kroos va Rodrigo tushdi, Kamavinga esa mudofaaning chap qanotiga o‘tkazildi. To‘qnashuvlar va hissiyotlar oshdi, Vinisius esa, o‘z odatiga ko‘ra, hakamga e’tiroz bildirishdan to‘xtamadi. Qolaversa, uning goli bekor qilindi, unga to‘p uzatgan Hoselu ofsaydda qolgani ma’lum bo‘ldi.
«Rayo Valekano» «Real»ni o‘ziga qulay bo‘lgan futbolga torta oldi. Bellinghem toliqdi, qolaversa, yelkasidagi jarohat o‘zini bilintirdi va u ikkinchi bo‘limda to‘p bilan kamroq muomila qildi. Uning o‘rniga katta sahnaga chiqishi kerak bo‘lgan Vinisius esa Dimitriyevski bilan navbatdagi to‘qnashuv uchun ikkinchi sariq kartochkani olishi ham mumkin edi – ammo hakam nima uchundir faqat makedoniyalikni jazolashga qaror qildi. 88-daqiqada Jud yana bir tezkor hujumni boshlab berdi, ammo Rodrigo vaziyatdan foydalana olmadi.
Balki Anchelotti tavakkalga qo‘l urib, nihoyat o‘yin qaydnomasiga qaytgan turkiyalik vunderkind Arda Gulerni maydonga tashlashi kerak bo‘lgandir? Ammo buni muhokama qilishdan endi ma’no yo‘q, madridliklar o‘yin oxirigacha gol ura olmadi va turnir jadvali yetakchiligini qaytara olmadi. «Real»ga g‘alaba uchun 22 zarba ham yetarli bo‘lmadi (shundan 14 tasi jarima maydoni ichidan berilgan va besh zarba darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan). «Rayo» esa quruq o‘yinlar soni (6) bo‘yicha «Real» va «Barsa» bilan tenglashib oldi. Ushbu jamoa avgust oyi oxirida «Atletiko» bilan o‘yinda o‘ta yirik hisobda mag‘lub bo‘lganiga (0:7) ishonish qiyin.
«Real» «Rayo Valekano»ni o‘z maydonida so‘nggi bor olis 2000 yilda mag‘lub eta olmagandi. Bu mehmonlar uchun tarixiy muvaffaqiyat bo‘ldi.
Italiya: Ozmun qutqardi
«Roma» – «Lechche 2:1
Gollar: 0:1 – 71 Almkvist, 1:1 – 90+1 Ozmun, 2:1 – 90+4 Lukaku.
Noaniq penalti: Lukaku (darvozabon), 5.
«Roma» – Ruy Patrisiu, Karsdorp (Zalevski, 78), Liorente, Manchini (Kristensen, 78), Ndika, Kristante, Auar (Ozmun, 73), Bove (Sanshesh, 70), Dibala, Lukaku, Al-Sha’roviy (Belotti, 78).
«Lechche» – Falkone, Jandre, Baskirotto, Pongrachich, Dorgu (Gallo, 62), Ramadani, Rafya (Gonsales, 62), Kaba, Banda (Strefetssa, 74), Almkvist (Tuba, 80), Krstovich (Pikkoli, 80).
Ogohlantirishlar: Banda (17), Dorgu (27), Sanshesh (76), Ramadani (77), Tuba (81), Strefetssa (87), Liorente (89), Lukaku (90+4).
«Roma» uchun yakshanba kungi o‘yin dahshatli tushga aylanishi mumkin edi, startda Lukaku penaltidan gol ura olmadi. Tezkor goldan quruq qolgan rimliklar uchun «Lechche» mudofaasidan o‘tish vaqt o‘tgan sayin qiyinlasha bordi. Qolaversa, mehmonlarning ikki hujumchisi mezbonlarning besh vakiliga qarshi qolgan hujumda hisob ochildi, Banda jarima maydoni markazidagi Almkvistni golli pas bilan ta’minladi.
Ammo o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarning birinchisida Zalevskining uzatmasidan keyin Ozmun to‘pni to‘sin ostidan aniq yo‘llab, A seriyadagi ilk golini nishonladi. Bu gol vaziyatni butunlay o‘zgartirdi va Dibala hamda Lukaku g‘alabali gol urilgan hujumni uyushtirdi. Belgiyalik hujumchi o‘z ustunligidan foydalanib korpus qo‘ydi va to‘pni yuqori burchakka yo‘naltirdi. «Roma» — so‘nggi daqiqalarda gol urish bo‘yicha A seriyaning eng yaxshi jamoasi ekanini isbotladi.
«Fiorentina» – «Yuventus» 0:1
Gol: 0:1 – 10 Miretti.
«Fiorentina» – Terrachchano, Parizi, Martines, Raniyeri (Mina, 89), Biragi, Barak (Bonaventura, 59), Mandragora, Artur (Ikone, 78), Gonsales, Kuame (Sottil, 78), Beltran (Nzola, 46).
«Yuventus» – Shchensi, Rugani, Bremer, Gatti, Makkenni, Kostich, Rabio, Lokatelli, Miretti (Kambiyazo, 61), Kiyeza (Milik, 68), Kin (Vlahovich, 68).
Ogohlantirishlar: Rabio (43), Kin (48), Gatti (58), Raniyeri (83).
Tabiiyki kunning so‘nggi o‘yinida Kiyeza diqqat markazida edi, u o‘zining jonajon jamoasiga qarshi maydonga chiqdi. Ammo tezkor golni u emas, balki Miretti qiyofasidagi kutilmagan qahramon urdi. Bu uning A seriyadagi ilk goli bo‘ldi, hayotning o‘zi — aniqrog‘i Pogba va Fadjoli diskvalifikatsiyaga uchragani — 20 yoshli yarimhimoyachini yetakchilik yukini o‘z zimmasiga olishga undamoqda.
Miretti, albatta, hali bu maqomga chiqishiga ancha bor, ammo uning zarbasi «Fiorentina» uchun nokaut qiluvchi zarba bo‘lib chiqdi. Mezbonlarning ahyon-ahyonda qilgan hujumlari samara bermadi, Biragining xavfli zarbasini Shchensni qaytardi. Boshqa epizodlarda turinlik himoyachilar o‘z ishini to‘g‘ri bajarishdi. Yakunda — Massimiliano Allegriga xos 1:0 hisobi, u Turinga qaytganidan keyingi davrda 17 bor shunday natija qayd etgan! Qatorasiga uchinchi quruq g‘alaba (qatorasiga besh o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlangan) «Milan»dan to‘rt ochkoga o‘zib ketish imkonini berdi. «Inter»gacha esa ikki ochko bor, ushbu jamoa 26 noyabr kuni Turinga tashrif buyuradi.
Kun statistikasi
- «Nottinghem» APLning bu mavsumidagi 10 ta golidan 4 tasini dastlabki besh daqiqalikda urgan.
- «Haydenhaym» va «Shtutgart» o‘yinida futbolchilar 5 marta darvoza ustuni yoki to‘sinini nishonga oldi. Bundesligada bunday holat so‘nggi besh yil davomida kuzatilmagandi.
- «Kalyari»ning so‘nggi 7 golidan 6 tasi zaxiradan tushgan futbolchilar tomonidan urilgan. A seriyada bundan ham samaraliroq jokerlar faqat «Napoli»da (7 gol).
- «Valensiya» «Granada»ga qarshi 26 o‘yin o‘tkazgan va biror marta mag‘lub bo‘lmagan (+23=3). Bu la liga tarixida faqat bir jamoaning g‘alabasi qayd etilgan juftliklar bo‘yicha eng yaxshi natija.
Mavzuga oid
12:26 / 04.11.2024
«Barsa»ni to‘xtatib bo‘lmayapti, «MYu» o‘ziga kelmoqda. Kun o‘yinlari
12:33 / 03.11.2024
APLda sensatsiyalar kuni, Husanovda ilk qizil. Kun o‘yinlari
14:28 / 28.10.2024
«Arsenal» jarohatlar girdobida, Italiya derbisida yangi yulduz porladi. Kun o‘yinlari
12:52 / 27.10.2024