Jahon | 12:28 / 13.11.2023
5321
4 daqiqa o‘qiladi

Amsterdamda iqlim himoyasiga bag‘ishlangan katta namoyish bo‘lib o‘tdi

Niderlandiya poytaxtida 70 mingga yaqin namoyishchi iqlimni himoya qilish uchun shoshilinch choralar ko‘rishni talab etdi. Greta Tunberg yana bir bor Falastin tarafdori ekanini ma’lum qildi. U iqlim harakati «tinchlik va adolat uchun kurashayotgan mazlumlarning ovozini tinglash»ga mas’ul ekanini aytdi.

Foto: Peter Dejong/AP Photo/picture alliance

Niderlandiya poytaxti va eng yirik shahrida 12 noyabr, yakshanba kuni mamlakat tarixida iqlim o‘zgarishiga qarshi eng yirik namoyish bo‘lib o‘tdi. Amsterdam politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, marshda 70 mingga yaqin odam, jumladan, shvetsiyalik iqlim faoli Greta Tunberg va Yevropaning iqlim bo‘yicha sobiq komissari, bo‘lajak parlament saylovlarida chap qanot alyansiga rahbarlik qiladigan Frans Timmermans qatnashgan.

Namoyishchilar «Bema’ni gaplarni to‘xtating, tashlamalarni kamaytiring!» va «Iqlim marshimiz yoqmayaptimi? Marsda yashashga harakat qiling!» degan yozuvli plakatlarni ko‘tarib oldi. Namoyishchilarning ba’zilari dengiz sathining ko‘tarilishiga ishora qilib, suvga sho‘ng‘ish uchun mo‘ljallangan kiyimda bo‘lgan.

Marsh ishtirokchilari Amsterdam bo‘ylab 3,5 km yo‘l bosib, qo‘shiq aytgan, hushtakbozlik qilgan va shiorlarni hayqirgan. «Men bu yerdaman, chunki men sayyoramiz hozirgidan issiqroq bo‘lishini istamayman va Shimoliy qutb hozirgidek sovuq bo‘lib qolishini istayman, biz bunga e’tibor qaratmoqchimiz», dedi norozilik ishtirokchilaridan biri Reuters agentligiga. Tashkilotchilar namoyishchilar sonini 85 ming kishi deb hisoblagan.

Tunberg Falastin tarafdori ekanini ma’lum qildi

Shvetsiyalik iqlim faoli Greta Tunberg yana bir bor namoyishdan foydalanib, Falastin tarafdori ekanini ma’lum qildi. Bo‘yniga oq-qora sharf taqqan u Amsterdamda bo‘lib o‘tgan mitingda iqlim harakati «tinchlik va adolat uchun kurashayotgan mazlumlarning ovozini tinglash»ga mas’ul ekanini aytdi. 

Tunberg so‘ng mikrofonni Falastin bayrog‘ini o‘rab olgan ayolga berib, Isroil «genotsid» qilayotganini, shuningdek, G‘azo sektoridagi «kasalxona va tinch aholini ataylab nishonga olayotganini» aytdi. Namoyishchilardan biri sahnaga chiqqan va mikrofonga: «Men bu yerga siyosiy qarashlarni tinglash uchun emas, balki iqlim namoyishi uchun keldim» degan.

Shu bilan birga, shvetsiyalik atrof-muhit faoli namoyishchilarni «xotirjam bo‘lishga» chaqirdi va mikrofonga bir necha bor: «Bosqinga uchragan yerlarda iqlim adolati yo‘q», deb aytdi hamda bu bilan Falastin hududlarini nazarda tutdi. O‘tgan oy Stokholmda bo‘lib o‘tgan iqlim mitingidan so‘ng, Tunberg 7 oktyabrdagi hujumda halok bo‘lgan isroilliklar haqida gapirmagani uchun tanqid qilingan edi. 

Niderlandiya fuqarolarining aksariyati uchun iqlim masalalari ustuvor emas 

Niderlandiya fuqarolari 22 noyabr kuni migratsiya va yashash narxining oshishi haqidagi munozaralar asosiy o‘rin egallagan saylov kampaniyasidan so‘ng, saylov uchastkalarida ovoz beradi. So‘nggi so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, iqlimni muhofaza qilish qirollik aholisining aksariyat qismi uchun ustuvorliklar ro‘yxatida pastroqda turadi. 

O‘z navbatida, Timmermans koalitsiyasi iqlim o‘zgarishini muhim masalaga aylantirdi. Ayni paytda, so‘rovlarga ko‘ra, Mehnat partiyasi va «Yashil so‘llar» alyansi migratsiyani cheklash zarurligiga ko‘proq e’tibor qaratayotgan ikkita konservativ partiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallab turibdi.

Mavzuga oid