O‘zbekiston | 10:40 / 14.11.2023
6447
3 daqiqa o‘qiladi

Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik liberallashtirilmoqda

Ma’muriy kodeks uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ular butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. 

Foto: newsshooter.com

Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakat hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlar, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarining belgilangan tartibda majburiy deklaratsiya qilinadigan tranzitidan tashqari ularni qonunga xilof ravishda olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Jazo choralari qat’iy belgilangan bo‘lsa-da, ushbu toifadagi jinoyatlar soni yildan yilga ko‘payib bormoqda. Qonun tashabbuskorlari shundan kelib chiqib, javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish harakatlarini sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, Jinoyat kodeksining belgilangan sanksiyalariga muqobil jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash kabi jazo turlari kiritilmoqda.

Fraksiya a’zolari uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish fuqarolar tomonidan qonunchilik talablarini bilmaslik oqibatida ham sodir etilayotganiga e’tibor qaratdi.

Xususan, uzoq muddat chet el hududida yashab qaytgan fuqarolar yoki respublikaga birinchi marotaba kirib kelayotgan chet el fuqarolari tomonidan ham bunday moslamalarni olib kirishga taqiq borligidan xabari bo‘lmasligi ham huquqbuzarlik sodir etilishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid