Jahon | 10:59 / 16.11.2023
4892
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya ballistik raketalar uchun dvigatelning yangi turini sinovdan o‘tkazdi

Yaponiyaga ko‘ra, qattiq yonilg‘ida ishlaydigan dvigatellarni sinovdan o‘tkazish orqali Pxenyan o‘zining «kutilmaganda hujum qilish salohiyatini» oshirishga intilmoqda. Shimoliy Koreya yangi raketalar uchun «yuqori quvvatli» dvigatellarni sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi.

Foto: Korean Central News Agency/Korea News Service/AP/picture alliance

Shimoliy Koreya yangi o‘rta masofali ballistik raketalar uchun qattiq yonilg‘ida ishlaydigan dvigatellarini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Bu haqda KXDR davlat axborot agentligi 15 noyabr, chorshanba kuni xabar berib, yangi raketa «katta strategik ahamiyatga ega» ekanini ta’kidladi. AP’ning qayd etishicha, bu ishlanma Pxenyanga «yadro arsenalini AQShning Guam va Yaponiyadagi harbiy bazalariga zarba bera oladigan kuchliroq va aniqlash qiyin bo‘lgan qurollar bilan to‘ldirishga» imkon beradi.

KXDR davlat axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bosqich dvigatelining birinchi yerusti sinovi 11 noyabrda, ikkinchi bosqichi esa 14 noyabrda bo‘lib o‘tgan. Pxenyan ta’kidlashicha, sinovda «juda qoniqarli natija»ga erishilgan va bu yangi raketa «ishlab chiqilishini ishonchli tezlashtirish uchun kuchli kafolat» bergan. 

Sinovlar Shimoliy Koreyaning qurol ishlab chiqarishdagi navbatdagi qadamini anglatadi. Ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, bu Rossiya bilan harbiy hamkorlik orqali kuchaygan bo‘lishi mumkin, deb ta’kidladi AP. Sinovlar seriyasining oxirgisi 14 noyabr, seshanba kuni Rossiya tabiiy resurslar va atrof-muhit vaziri Aleksandr Kozlov savdo va texnologik yutuqlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun Shimoliy Koreyaga kelganida o‘tkazildi. 

Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Xirokadzu Matsuno Shimoliy Koreyaning qattiq yonilg‘ida ishlovchi raketa dvigatellari sinovlarini sharhlar ekan, KXDR shu yo‘l bilan o‘zining «kutilmaganda hujum qilish salohiyatini» oshirishga intilayotganini aytdi. «Biz Shimoliy Koreya keyingi provokatsion harakatlar, jumladan raketa uchirish va yadroviy sinovlarni amalga oshirishi mumkinligiga ishonamiz. Yaponiya hukumati tahlil va razvedka ma’lumotlarini to‘plash bo‘yicha qo‘lidan kelganini qilyapti», — dedi u matbuot anjumanida. 

Mavzuga oid