O‘zbekiston | 15:44 / 17.11.2023
23385
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident: «Suv tekin emas, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish lozim»

Yig‘ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotgani ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Termiz shahrida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev suv masalasiga ham to‘xtaldi.

Prezident yig‘ilishda yaqin yigirma yilda Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foiz kamayishi kutilayotganini ta’kidladi. Suv tejovchi texnologiyalar kengaytirilayotgani, lekin bu yetarli emasligi qayd etildi.

Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Biroq 52 ta nasosning xizmat muddati 40 yildan oshgan.

Oqibatda, suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushyapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanyapti, yana 20 ming gektarda suv ta’minoti yomonlashgan.

Shuningdek, 1 ming 700 kilometr sug‘orish tarmog‘ining yarmi tuproq o‘zanli bo‘lgani uchun 35 foiz suv yo‘qotilyapti.

«„Suv tekin emas“, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozim», — dedi prezident.

Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 ta kanalni ta’mirlash, kelgusi yilda «Sherobod magistral» kanalini ta’mirlashga 60 million dollar jalb etib, 90 ming gektar yerlarni tiklash bo‘yicha topshiriq berildi.

Bundan oldinroq «To‘palang» suv omboridan Termiz shahri va 11 ta tumanga toza ichimlik suvi olib kelinishi ma’lum qilingandi, mazkur loyiha to‘liq ishga tushgach, 2 million aholida tun-u kun toza ichimlik suvi bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid