Jahon | 23:25 / 18.11.2023
12891
3 daqiqa o‘qiladi

Hibsdagi Igor Strelkov Rossiya prezidenti saylovida ishtirok etishini e’lon qildi

Jinoiy ayblanuvchi bo‘lish uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qilmaydi, biroq sudlangan taqdirda, Strelkov saylovoldi kampaniyasida qatnasha olmaydi.

Foto: Sergey Bobylev/TASS

Ekstremizm ishi bo‘yicha hibsga olingan Rossiya FXX sobiq xodimi Igor Strelkov (Girkin) o‘z sheriklarini Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatish kampaniyasini boshlashga chaqirdi.

Uning shu mazmundagi xatini «Rus harakati Strelkov uchun» tashkiloti hamraisi Oleg Nelzin o‘qib berdi.

Strelkov, deyiladi maktubda, o‘zini qo‘llab-quvvatlash uchun imzo to‘playdigan tashabbus guruhi tuzishni so‘ragan. Strelkov, shuningdek, «Rossiyadagi barcha vatanparvar kuchlarini, jamoat va siyosiy tashkilotlarini» o‘zini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. «Bu bizning tashqi va ichki tahdidlarga qarshi birlashish uchun imkoniyatdir», deb yozdi Strelkov maktubda.

Bir kun avval «So‘l front» koordinatori Sergey Udalsov Igor Strelkov «so‘l va vatanparvar kuchlardan prezidentlik sayloviga yagona nomzodni saylash bo‘yicha praymerizda» qatnashishini aytgan edi.

Strelkov ijtimoiy tarmoqlardagi postlari tufayli ekstremizmda ayblanib, iyul oyida hibsga olingan. U aybini tan olmadi. Tergov tafsilotlari ma’lum emas, ish maxfiy deb e’lon qilingan.

Jinoiy ayblanuvchi bo‘lish uning prezidentlikka nomzodini qo‘yishiga to‘sqinlik qilmaydi, biroq Strelkov sudlangan taqdirda, saylovoldi kampaniyasida qatnasha olmaydi.

Igor Strelkov (haqiqiy ismi Girkin) 2014 yilda Donbassdagi qurolli mojaroda qatnashgan FXX sobiq xodimi. Strelkov o‘zini 2014 yilda Ukrainada «urush tepkisini» bosgan odam deb ataydi. 2014 yilda bir necha oy davomida u o‘zini o‘zi e’lon qilgan DXR «Mudofaa vazirligi»ni boshqargan.

Niderlandiya sudi 2022 yil noyabrida Strelkovni 2014 yil 17 iyul kuni Donetsk viloyatida Malayziyaning Boing samolyoti halokatida aybdor deb topib, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Ayblovga ko‘ra, Strelkov Rossiyadan «Buk» havo mudofaa tizimini yetkazib berishni so‘ragan, keyinchalik undan 298 kishi bo‘lgan samolyotni urib tushirishda foydalanilgan.

Mavzuga oid