O‘zbekiston | 16:22 / 21.11.2023
17369
7 daqiqa o‘qiladi

“Insonlar o‘zini xavfsiz his qilmaydigan shahar” - Parlamentda Toshkentdagi muammolar muhokama qilindi

Haligacha bosh rejaning yo‘qligi, tirbandliklarning ko‘payib borayotgani, shaharsozlikdagi yondashuvlarni o‘zgartirish zarurati va ustuvorlik berilmayotgan jamoat transporti. Qonunchilik palatasidagi konferensiyada rasmiylar va jamoatchilik faollari Toshkent shahridagi o‘tkir muammolar haqida so‘z yuritdi.

Foto: Kun.uz

16 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ekologiya masalalariga mas’ul deputat va senatorlar hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi doirasida “Shaharlar va aholi yashash punktlarining xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash” mavzusida konferensiya o‘tkazildi.

Barqaror rivojlanish maqsadlarining 11-maqsadida shaharlar va aholi yashash punktlarining ochiqligi, xavfsizligi va ekologik barqarorligini ta’minlash masalalari belgilangan.

Tadbirda qayd etilishicha, so‘nggi 6 yilda O‘zbekistonda qurilish sur’ati aholi soni ko‘payishini inobatga olinib o‘sib bormoqda. Xususan, bu muddatda 300 mingga yaqin xonadon va shaxsiy turar-joy binolari qurildi, shaharlar aholisi 18 milliondan ortib, umumiy aholining 51 foizini tashkil etmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy jadal rivojlanish, aholi sonining, shuningdek transport vositalarining ortishi shaharlarni – atrof-tabiiy muhitga antropogen ta’sir sonasiga aylantirmoqda. Toshkent shahrida avtomobillardan atmosferaga zararli moddalar chiqarilishi umumiy ko‘rsatkichning 93 foizini (403 ming tonnani), respublika bo‘yicha esa 58 foizini tashkil etadi (1,4 mln tonna).

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Gazeta.uz tadbir tafsilotlari, unda so‘zga chiqqan spikerlar bildirgan fikrlarni keltirib batafsil material e’lon qildi.

Bosh loyihasiz Toshkent barqaror rivojlana olmaydi

Poytaxt bosh rejasining yo‘qligi tufayli, to‘satdan kutilmagan qurilishlarning paydo bo‘lib qolishi shaharda transport bilan bog‘liq muammolarni yechish imkonini bermayapti. Bu haqiqatni majlisda qatnashgan IIV va Transport vazirligi vakillari hamda urbanist Iskandar Soliyev ham ta’kidlagan.

Toshkent ko‘chalarida vaziyat qanday?

IIV rasmiysi Mashrab Razzoqovga ko‘ra, 2022 yilda Toshkentda ro‘yxatga olingan avtomobillar soni 730 mingdan oshadi. Shuningdek, har yili ro‘yxatga olinayotgan avtomobillar soni tinimsiz oshib bormoqda. Masalan, 2021-yilda 45 ming avtomobil ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 2022-yilda 76 ming avtomobil ro‘yxatga olingan.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra, har kuni poytaxtga hududlardan 160 mingdan 300 mingtagacha transportda 1,5 milliondan ortiq odam kirib keladi. (Lekin, kunlik chiqib ketayotgan odamlar haqida ma’lumot yo‘q).

“Shahar atrofiga yuruvchi poyezdlar va samolyotlarning yo‘qligi yoki chiptalarning qimmatligi Toshkentga kirayotgan mashinalar sonining sun’iy ravishda ko‘payishiga olib kelmoqda”, – degan Razzoqov.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Aholi – samolyot, poyezd va shaharlararo avtobuslar uchun biletlarni sotib olish hamda aeroport/vokzallarga yetib borib, avtobus to‘lishini kutish ular uchun noqulay bo‘lganidan avtomobilni tanlamoqda.

360 mingdan ortiq talablar Toshkent ko‘chalaridagi yo‘l tarmog‘iga katta yuk bo‘lmoqda. Chunki ularning 54 foizi ertalabki gavjum vaqtda avtomobilida yoki taksida yuradi, degan IIV rasmiysi.

Bundan tashqari, yuk mashinalarining harakati tartibga solinmagani oqibatida ham tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Poytaxtda 50 mingta yuk mashina ro‘yxatga olingan bo‘lsa, yana har kuni 7 ming yuk mashinasi shaharga kirib keladi.

Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, har kuni ishchilar va talabalar 6 millionta qatnovni amalga oshiradi. Jamoat transporti esa buning faqat to‘rtdan bir qismini tashishga imkoni yetadi.

Atmosferaga chiqindilarni kamaytirish borasida quyidagi takliflar bildirilgan: eski avtomobillar harakatini cheklash, atmosferani ifloslantirganlik va ikki yoki undan avtomobilga egalik uchun soliq solish, jamoat transporti uchun ajratilgan yo‘laklar hamda veloyo‘laklar doimiy ishlashini ta’minlash, yo‘l bo‘yida pulli to‘xtash joylarini tashkil qilish.

IIV rasmiysi tirbandliklarning oldini olish uchun esa davlat xizmatchilari, voyaga yetmaganlar, talabalar uchun bepul jamoat transporti hamda shahar atrofiga qatnaydigan elektropoyezdlar tashkil qilish, yer usti (ko‘prik) va yer osti piyodalar o‘tish yo‘laklarni tashkil qilish hamda ko‘p qavatli avtoturargohlar qurishni taklif qildi.

Shaharshunos Iskandar Soliyev esa yo‘l o‘tkazgichlar qurilishi, yo‘l o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida svetoforlar sonini qisqartirish, yer usti piyodalar o‘tish joylarini yer osti va yer usti o‘tish joylariga almashtirish tirbandlik muammosini yanada kuchaytiradi, deya e’tiroz bildirdi. Shuningdek, mutaxassisga ko‘ra, piyodalar va velosipedchilar uchun shahar muhitining mavjud emasligi shaxsiy transport vositalariga talabni oshiradi, ayni vaqtdagi soliqlar bilan jamoat transporti bepul bo‘lishi mumkin emas.

Gazeta.uz jurnalisti Sabina Bakayeva esa yaxshi ishlaydigan jamoat transportisiz shaharlar barqaror rivojlanmasligi haqida aytgan.

“Jamoat transporti yaxshi ishlayotganining bir qancha belgilari bor. Masalan, avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklar yoki haydovchilar uchun kunlik planning bekor bo‘lishi kabi...”, – degan Sabina Bakayeva.

Sabina Bakayeva / Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Jurnalistga ko‘ra, mingdan ortiq avtobus sotib olgan Toshkentda jamoat transporti bir qancha oldinga siljishlarni amalga oshirdi, lekin qilinadigan ishlar hali ko‘p.

Menimcha, insonlarga baxt uchun do‘stona shahar muhiti kerak: qachonki o‘zing xohlagan manzilga xoh piyoda, xoh velosiped yoki avtobusda tinch yetib olasan. O‘z mashinangda ham asabiylashmasdan yetib olasan, trotuarda yurganda bolani qo‘lidan qo‘yib yuborishing mumkin, chunki u xavfsiz va biror mashinaning balonlari ostida qolib ketmasligiga ishonasan. Bu tarafdan qaraganda, Toshkent – ko‘chalarda insonlar o‘zini xavfsiz his qilmaydigan, baxtsiz va asabiy odamlar shahri”, – degan u.

Bundan tashqari, Bakayeva Toshkentda jamoat transportini rivojlantirish doirasida pullik avtoturargohlar qurish hamda noqonuniy to‘xtab turishga qarshi kurashish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidlagan. U deputatlardan pullik parkovkalarga yo‘l ochish uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l chetiga parkovka qilganlik uchun jarima qo‘llash bo‘yicha o‘zgartirishni tezroq kiritishni so‘radi.

Ekopartiya vakillari, deputat va senatorlar tadbirda so‘zga chiqqan ekspertlarning takliflarini o‘rganish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida inobatga olinishini bildirgan.

Mavzuga oid