Jahon | 15:37 / 23.11.2023
3655
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Moliya vazirligi budjet taqchilligini YaIM 1 foizi miqdorida prognoz qilmoqda

«Rossiya iqtisodiyotining o‘sish sur’ati bizga yuqori budjet daromadlari haqida gapirish imkonini beradi», dedi Rossiya Moliya vazirligi rahbari Anton Siluanov. 

Foto: Vladimir Pesnya / RIA Novosti

2023 yil uchun Rossiya federal budjeti taqchilligining rasmiy prognozi hozirda YaIM taxminan 1 foizini tashkil qilyapti. Bu haqda 22 noyabr, chorshanba kuni Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov Federatsiya kengashida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi. 

Amaldagi budjet qonuniga ko‘ra, 2023 yilga qadar 2,9 trillion rubl yoki YaIMning 2 foizi miqdorida defitsit rejalashtirilgan. Sentyabr oxirida esa Siluanov taqchillik 2 foizdan kam bo‘lishi mumkinligini aytgandi, oktyabr boshida mamlakat prezidenti Vladimir Putin yanada optimistik baho berdi – YaIMning 1 foizi atrofida, deya eslatadi «Interfaks». 

«Qo‘shimcha neft-gazga aloqador bo‘lmagan daromadlar juda yaxshi kelib tushmoqda. Iqtisodiyot ishlayapti va o‘sish sur’atlari bizga yuqori budjet daromadlari haqida gapirishga imkon beryapti», - deya Siluanovning 22 noyabrdagi so‘zlaridan iqtibos keltiradi agentlik. Iyul oyida Moliya vazirligi rahbari Rossiyada 2023 yilda federal budjet taqchilligi prognoz qilinganidan yuqori bo‘lib, YaIMning 2,5 foizini tashkil etishi mumkinligini tan olgandi. 

«Elektronnyy budjet» portali ma’lumotlariga ko‘ra, 20 noyabr holatiga Rossiya budjetining daromadlari 23,04 trillion rublni, xarajatlari 25,68 trillionni, taqchilligi esa 2,64 trillion rublni tashkil qilgan. 

Joriy yilning yanvar oyidan oktyabr oyigacha Rossiyada federal budjet taqchilligi YaIMning 0,7 foizini tashkil etdi. 

Mavzuga oid