O‘zbekiston | 13:20 / 30.11.2023
5381
3 daqiqa o‘qiladi

Dronlardan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik yengillashtirilmoqda

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, respublika hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlikni belgilash nazarda tutiladi.

Foto: Polina Yermakova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar «Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdi.

Mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan islohotlar turistik infratuzilmaning rivojlanishi va yaxshilanishiga, turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshishiga ko‘mak berayotgani ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, barqaror turizm rivojini tobora jadallashtirish mamlakatning turistik jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar bartaraf etilishini talab qiladi.

Uchuvchisiz uchadigan apparatlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar qatoriga kiradi. Ularni respublika hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, shuningdek o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 20-moddasiga muvofiq davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga respublika hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlikni belgilovchi, shuningdek ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtiruvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, mamlakatimizga chet ellik turistlarning keng jalb etilishi uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, shuningdek respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi, deyiladi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabarida.

Xabar qilinishicha, majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilingan. 

Mavzuga oid