Jahon | 22:49 / 30.11.2023
14420
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS Quddusdagi terakt uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi 

Erta tongda avtobus bekatiga uyushtirilgan hujumda 3 kishi halok bo‘lgan edi. 

Foto: Ohad Zwigenberg/AP

Falastinning HAMAS guruhi 30 noyabr kuni ertalab Quddus shahriga kiraverishda uch isroillik halok bo‘lgan va olti kishi yaralangan otishma uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar berdi. 

Guruh o‘z bayonotida hujum payti halok bo‘lgan ikki nafar tarafdorini olqishlagan. Ular Sharqiy Quddusda istiqomat qiluvchi aka-uka Murod va Ibrohim Namrov ekani aytilmoqda. Ikki hujumchi ertalab soat 7:40 atrofida mashinadan tushib, avtobus bekatidagi odamlarga qarata o‘q uzgan. 

Politsiyaning ma’lum qilishicha, hududda navbatchilik qilayotgan ikki askar va qurollangan bir fuqaro ularga javoban o‘q uzgan va ikkalasini ham o‘ldirgan. 

Hujum paytida uch nafar isroillik halok bo‘lgan: 24 yoshli Liviya Dikman, 73 yoshli ravvin, sudya Elimelek Vasserman va taxminan 60 yoshli Hanna Ifergan. 

O‘ldirilgan hamaschilar avvalroq terrorizm uchun qamalgan: Murod 2010 yildan 2020 yilgacha G‘azo sektorida teraktlarni rejalashtirgani uchun, Ibrohim esa 2014 yilda terrorchilik faoliyati uchun. 

HAMAS ushbu hujumda mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, bu harakatlar Isroilning G‘azo sektoridagi urushi va Jyeninda ikki bolaning o‘ldirilishiga javob ekanligini ta’kidladi. 

Shu bilan birga, HAMAS falastinliklarni Isroilga nisbatan «qarshilikni kuchaytirish»ga chaqirdi.

Mavzuga oid