Jahon | 10:07 / 15.12.2023
6573
3 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini kelishib oldi

Yevropa Ittifoqi sammiti doirasida Ukrainaga qarshi urushni davom ettirayotgan Rossiyaga qarshi 12-jazo choralari paketi kelishib olindi.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi «Rossiyaning urush olib borish qobiliyatini yanada zaiflashtirish» niyatida, jumladan, «sanksiyalarni yanada kuchaytirish, shuningdek, ularni to‘liq va samarali qo‘llash va chetlab o‘tishning oldini olish yo‘li bilan», deyiladi Yevropa kengashining 14 dekabr oqshomida Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammiti birinchi kuni natijalari bo‘yicha matbuot-relizida.

YeIga a’zo davlatlar rahbarlari, shuningdek, Yevrokomissiyaning Rossiyaning Yevropa Ittifoqidagi muzlatilgan aktivlaridan tushgan mablag‘larni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va Rossiya hujumlaridan keyin uni tiklash uchun ishlatish bo‘yicha takliflarini «hisobga oldilar».

Sammitda Yevropa kengashi Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi Kremlga qarshi joriy qilmoqchi bo‘lgan 12-sanksiya paketining qabul qilinishini olqishladi. Hujjat 15 dekabr, jumaga o‘tar kechasi YeI davlatlari vakillarining alohida yig‘ilishida kelishib olindi, deb yozadi Reuters.

Rossiyadan olmos importini taqiqlash
 
Cheklovchi chora-tadbirlar qatorida 1 yanvardan boshlab Rossiyadan olmos olib kirishni bosqichma-bosqich taqiqlash, shuningdek, Yevropa kompaniyalaridan neftga nisbatan «narx chegarasi»ga amal qilishini tasdiqlovchi dalillar taqdim etish talabini joriy etish rejalashtirilgan.

Avstriya avvalroq hujjatning qabul qilinishiga qarshi chiqqan edi - Vena Kiyevdan Avstriyaning Raiffeisen Bank International bank guruhini Ukraina milliy antikorrupsiya byurosi tomonidan yuritiladigan «xalqaro urush homiylari» ro‘yxatidan chiqarib tashlashni talab qildi. Ilgari xuddi shu ro‘yxat Gretsiya va Vengriya tomonidan YeIning Rossiyaga qarshi oldingi sanksiyalar paketlarini qabul qilishiga to‘sqinlik uchun sabab bo‘ldi - ular Ukrainadan o‘z kompaniyalarini ro‘yxatdan chiqarib tashlashni talab qilishdi.

Kiyev va Kishinyov bilan Yevroittifoqqa kirish bo‘yicha muzokaralar

Avvalroq payshanba kuni Yevropa kengashi Ukraina va Moldova bilan Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilgan edi. Bundan tashqari, YeIga a’zo davlatlar rahbarlari Gurjistonga YeI a’zoligiga nomzod davlat maqomini berishga qaror qilishdi.

Ayni paytda, Bosniya va Hersegovina bilan, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishelning so‘zlariga ko‘ra, Bryussel ushbu mamlakat a’zolik mezonlariga «kerakli darajada mos kelishi» bilanoq muzokaralarni boshlaydi. Mishel qarorlarni «o‘z xalqlari va bizning qit’amiz uchun umidning aniq belgisi» deb atadi. Shu tariqa sammit ishtirokchilari Yevropa komissiyasi tomonidan ushbu masalalar bo‘yicha berilgan tavsiyalarga to‘liq rozi bo‘ldi.

Mavzuga oid