Jahon | 09:03 / 16.12.2023
9876
4 daqiqa o‘qiladi

TsAHAL: Harbiylar xato sabab HAMAS garovidagi uch kishini o‘ldirdi

Isroil askarlari Shejayyadagi jangda HAMAS garovidagi uch kishini tahdid deb qabul qilgan va o‘t ochgan, deya xabar beradi TsAHAL.

Foto: AP

Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) HAMAS guruhi tomonidan o‘g‘irlab ketilgan uch isroillikni xato sabab o‘ldirdi. Bu haqda TsAHAL 15 dekabr, juma kuni rasmiy Telegram-kanalida xabar tarqatdi.

Bayonotga ko‘ra, hodisa G‘azo sektori shimolidagi Shejayya hududida janglar chog‘ida sodir bo‘lgan — TsAHALning xabar berishicha, Golani brigadasi 13 dekabrdan buyon hududda hujum amaliyotini o‘tkazmoqda. «Jangdan keyingi qidiruv va tekshiruvlar chog‘ida» TsAHAL tomonidan o‘ldirilgan uch kishining shaxsi bo‘yicha shubha paydo bo‘ldi», deyiladi voqea bayonotida, ularning jasadlari Isroil hududiga olib kelingan, u yerda identifikatsiya qilish ularning HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan isroillik ekanligini tasdiqlagan. 

Avvalroq Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida HAMAS garovga olgan yana 3 kishining jasadi topilgani haqida xabar bergan edi. Ulardan biri Supernova festivalida o‘g‘irlab ketilgan, qolgan ikkitasi esa isroillik askar edi. Ularning jasadlari vatanlariga qaytarildi. HAMAS tomonidan garovga olingan yana kamida besh kishi halok bo‘lgani dekabr boshida tasdiqlangandi.

TsAHAL o‘ldirilgan garovga olinganlarning oilalariga ularning o‘limi haqida xabar bergan

TsAHAL halok bo‘lgan isroilliklarning ismlarini keltirdi: Nir Am kibutsasidan o‘g‘irlab ketilgan Samer Talalk hamda Kfar-Aza kibutsasidan o‘g‘irlab ketilgan Yotam Xaim va Alon Shamrits.

TsAHAL vakili Daniel Xagarining so‘zlariga ko‘ra, Isroil mudofaa kuchlari «bo‘lib o‘tgan barcha voqea uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi» hamda halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi. Tegishli tekshiruv o‘tkaziladi.

Idoraning ta’kidlashicha, fojia «so‘nggi kunlarda janglar davom etayotgan faol harbiy harakatlar zonasida» sodir bo‘lgan. «Hodisadan zudlik bilan xulosa chiqarildi» va voqea haqidagi ma’lumotlar Isroil armiyasining boshqa bo‘linmalariga yetkaziladi, deb xabar berdi TsAHAL.

Isroil guruh butunlay yo‘q qilinmaguncha, HAMASga qarshi kurashni davom ettirish niyatida

Bundan bir necha kun avval TsAHAL G‘azo sektorida HAMAS tunnellar majmuasiga dengiz suvini quyishni boshlagan edi. Bir necha hafta davom etishi mumkin bo‘lgan operatsiyada jangchilar o‘q-dorilarni yashirgan tunnellarni suv bosishi va infratuzilmani yo‘q qilishi kutilmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu yana bir bor mamlakat guruhga qarshi kurashni «g‘alabaga qadar» davom ettirish niyatida ekanini aytdi. «Bizni hech narsa to‘xtata olmaydi», dedi bosh vazir TsAHAL askarlariga murojaatida. Shu bilan birga, Netanyahu HAMAS jangchilarini taslim bo‘lishga chaqirdi, chunki sodir bo‘layotgan voqealar guruh uchun «intihoning boshlanishi» ekani aytildi.

Mavzuga oid