O‘zbekiston | 19:33 / 18.12.2023
10467
3 daqiqa o‘qiladi

Bozorlar O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi”ga aylanishi kerak - prezident

Shavkat Mirziyoyev xorijlik turistlar O‘zbekiston bozorlarida uzoq ushlanib qolmayotgani, bozorlarga kirish-chiqishdagi noqulayliklar aholi va sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘layotganini aytib, bozorlarni turistlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga aylantirish kerakligini ta’kidladi. Milliy-zamonaviy bozor komplekslari loyihasi ishlab chiqiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistondagi bozorlarning sotuvchilar xaridorlar va turistlar uchun qulayligini oshirish lozim. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 18 dekabr kungi selektorda aytib o‘tdi.

Davlat rahbariga ko‘ra, bozorlarda sayyohlar uzoq ushlanib qolmayapti. Ayrim bozorlardagi kirib-chiqishdagi noqulayliklar, tirbandlik aholi va sayyohlar e’tiroziga sabab bo‘lyapti.

Shavkat Mirziyoyev bozorlarni turistlar kunlab vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan majmualarga, mamlakatning "tashrif qog‘ozi"ga aylantirish muhimligini aytdi.

Milliy madaniyatni aks ettirgan yangi zamonaviy bozor komplekslari loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Yig‘ilishda sayyohlar oqimini oshirish uchun ko‘riladigan yana boshqa choralar ham sanab o‘tildi:

  • Parkentdagi Kumushkon, Hisarak, So‘qoq, Boshqizilsoy, Changi, Zarkent, Boyqozon mahallalarida turizm maskani tashkil etiladi;
  • Xonobod shahri, Boysun, Baxmal, Forish, Angren va Ohangaronda ham turizm maskanlarining master rejalari tayyorlanadi;
  • Omonxona, Maydanak kabi turistik obektlar infratuzilmasini yaxshilashga 30 mln dollar yo‘naltiriladi, turizm obektlariga olib boruvchi yo‘llar infratuzilmasiga qo‘shimcha 200 mlrd so‘m ajratiladi;
  • turizm obektiga olib boradigan qaysi yo‘l ta’mirlanayotgan bo‘lsa, o‘sha yo‘l bo‘yida savdo va servis shoxobchalarini joylashtirish bo‘yicha master rejalari ishlab chiqiladi va tadbirkorlarga beriladi, aholi va turistlar uchun qulay marshrutlar ishlab chiqilib, jamoat transporti yo‘lga qo‘yiladi, xostel va mehmon uylari tashkil qilinadi;
  • 2024 yilda har bir hududda zamonaviy zargarlik komplekslari tashkil qilinib, ulardagi do‘kon va rastalar, zargarlik uskunalari 7 yilga bo‘lib to‘lash sharti bilan lizingga beriladi;
  • mamlakatda “O‘zbekiston ipak matolari” xalqaro moda haftaligi o‘tkaziladi va unga dunyoning yetakchi moda uylarini taklif qilinadi;
  • tayyor ipak mahsulotlari tanlovi o‘tkazilib, mukofot jamg‘armasiga har yili 2 mln dollar ajratiladi.

Mavzuga oid