O‘zbekiston | 16:01 / 18.12.2023
7688
4 daqiqa o‘qiladi

Qishki “perevod” uchun hujjatlar qabuliga oz vaqt qoldi – nimalarni bilish kerak?

Qish mavsumida faqat bir davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqasiga o‘qishini ko‘chirish uchun ma’lum toifa talabalariga ruxsat beriladi. Bu muddatda xorijiy va xususiy OTMdan o‘qishni ko‘chirish uchun arizalar olinmaydi.

Foto: Kun.uz

O‘qishni uzrli sabablarga ko‘ra ko‘chirish uchun arizalar qonunchilik bo‘yicha 20 dekabrdan 20 yanvargacha olinadi. Va faqat 2 toifadagi fuqarolar quyidagi uzrli sabablarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirishi mumkin:

  • talaba oila qurishi munosabati bilan turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirish uchun;
  • davlat organlarining xodimlari ish joyi o‘zgargan taqdirda uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi o‘qishini ko‘chirish uchun (tegishli vazirlik (idora) rahbarining tavsiyasi asosida).

O‘qishni ko‘chirish uchun quyidagi hujjatlar kerak:

  • o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha ariza (ariza blankasi hududiy ishchi guruhi tomonidan beriladi va talaba tomonidan joyida to‘ldiriladi);
  • talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma yoki transkript nusxalari (bittasi bo‘lsa yetarli);
  • pasport nusxasi;
  • yuqorida qayd etilgan uzrli sabablarni asoslovchi tegishli hujjatlar.

O‘tgan 2022 yilda qishki “perevod” vaqtida Oliy ta’lim vazirligi hududlarda ishchi guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Talabgorlar ayni shu ishchi guruhlarga hujjatlarini taqdim etgan.

Arizalar 20 yanvargacha qabul qilinsa, o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

Keyingi jarayon qanday bo‘ladi?

Tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi. OTM tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan OTMga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.

So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.

Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma talabani o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.

Eslatma: agar talaba maqsadli qabul doirasida ta’lim olayotgan bo‘lsa, unga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi.

Grantda o‘qiyotan talaba grant bilan o‘qishini ko‘chira oladimi?

O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.

Ya’ni agar OTM yo‘nalishlari uchun ajratilgan grant o‘rin bo‘lsa, ta’lim muassasasidagi vaziyatdan kelib chiqib, talabaga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilishi mumkin.

Ko‘zi ojiz va nogironligi bor talabalarga grant asosida o‘qishni ko‘chirishga ruxsat beriladi. 

Mavzuga oid