Jahon | 11:35 / 18.12.2023
7379
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya 12 soat ichida ikkinchi ballistik raketani uchirdi

Yaponiya sohilni qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreyaning ballistik raketasi uchirilganidan bir soat o‘tib Xokkaydo oroli g‘arbidagi dengizga qulagan.

Foto: Ahn Young-joon/AP Photo/picture alliance

Shimoliy Koreya 12 soat ichida ikkinchi ballistik raketasini uchirdi. Bu haqda 18 dekabr, dushanba kuni Janubiy Koreya Qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi xabar berdi. Ta’kidlanishicha, raketa Pxenyan yaqinidagi hududdan dengiz tomon uchirilgan.

Shimoliy Koreya ballistik raketa uchirgani haqidagi ma’lumotni Yaponiya Mudofaa vazirligi ham tasdiqlagan. Yaponiya sohilni qo‘riqlash xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, raketa uchirilganidan bir soat o‘tib Xokkaydo oroli g‘arbida dengizga qulagan. Shimoliy Koreya raketasi taxminan 6000 km balandlikka ko‘tarilgan, uning parvoz masofasi 1000 kmni tashkil etgan, deya aniqlik kiritdi Yaponiya Mudofaa vazirligi. Vazirlik bayonotida aytilishicha, Tokio Pekindagi diplomatik kanallar orqali Pxenyanning raketa uchirishi yuzasidan keskin norozilik bildirgan. 

Qisqa masofali raketa uchirilishi 

Avvalroq, 17 dekabr oqshomida KXDR qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketani uchirgandi. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, raketa taxminan 570 km masofani bosib o‘tgan va dengizga qulagan. Uning uchirilishi Shimoliy Koreya sobiq yetakchisi Kim Chen Ir vafotining 12 yilligiga to‘g‘ri keldi. 

Qo‘shma Shtatlar 17 dekabr kuni Shimoliy Koreya ballistik raketalarni uchirganini qoraladi. «Bu holatlar BMTning ko‘plab rezolyutsiyalarini buzadi, Shimoliy Koreyaning qo‘shnilariga tahdid soladi va mintaqaviy xavfsizlikka putur yetkazadi», — deyiladi Davlat departamenti bayonotida. 

Mavzuga oid