O‘zbekiston | 17:35 / 20.12.2023
9500
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda budjet puli hisobidan yangi yil korporativlari o‘tkazish taqiqlandi

Bosh vazir Abdulla Aripov barcha davlat tashkilotlariga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan yangi yil munosabati bilan bayram dasturxoni yozish va korporativ yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqladi.

O‘zbekistonda hukumat topshirig‘i bilan davlat tashkilotlariga yangi yil munosabati bilan korporativ bayramlar o‘tkazish taqiqlangani haqida xabar tarqaldi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov Kun.uz muxbiriga bergan izohida bu xabar ayrim telegram-kanallarda biroz noto‘g‘ri talqin qilinganini ta’kidladi.

Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov

Ma’lum qilinishicha, barcha vazirlik, idora va boshqa davlat tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda davlat ulushi mavjud xo‘jalik jamiyatlari va tijorat banklariga budjet va undan tashqari mablag‘lar hisobidan yangi yil munosabati bilan korporativ yig‘ilishlarni tashkil etish va bayram dasturxonini yozish taqiqlandi.

Xodimlar o‘z oyliklari yoki rag‘bat pullaridan tashkil etishi bundan mustasno.

«Budjet puli — xalqning puli. Uning har bir tiyini hisobli. Xalqimiz bu pullarni bizning o‘yin-kulgi qilishimiz uchun bermagan», — degan bosh vazir Abdulla Aripov.

Hukumat rahbari o‘tgan yili ham budjet mablag‘lari hisobidan bayram tadbirlarini o‘tkazishni taqiqlagandi.