Jahon | 09:44 / 20.12.2023
10038
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda zilzila qurbonlari soni ortib boryapti

Gansu va Tsinxay provinsiyalarida sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 131 kishiga yetdi, yana kamida 536 kishi jarohat oldi.

Foto: STR/AFP/Getty Images

Xitoy shimoli-g‘arbida sodir bo‘lgan zilzila qurbonlari soni 131 kishiga yetdi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi 20 dekabr, chorshanba kuni xabar berdi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, Gansu provinsiyasida qurbonlar soni 113 nafarni tashkil etadi, qo‘shni Tsinxay provinsiyasida yana 18 kishi halok bo‘lgan deb e’lon qilindi. 

Shu bilan birga, jarohat olganlar soni ham ortdi. Tsinxayda kamida 198 kishi jarohatlangan, Gansu bo‘yicha esa ma’lumotlar turlicha - 536 dan 782 gacha. 

Suv ta’minotida uzilishlar kuzatilyapti, minglab binolarga zarar yetgan

Yer silkinishlari 18 dekabr oqshomida sodir bo‘lgan, magnitudasi 5,9-6,2 ballni tashkil qilgan. Zilzila episentri Gansu provinsiyasida, Tsinxay bilan ma’muriy chegaradan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan. 

Tabiiy ofat hududida suv ta’minoti uzilib, elektr uzatish liniyalari, minglab binolar va transport infratuzilmasiga zarar yetgan. Rasmiylar jabrlangan hududlarga chodirlar, yig‘ma karavotlar, ko‘rpa-to‘shaklar va isitish moslamalarini yuborishni buyurdi.

2008 yil may oyida Xitoyning Sichuan provinsiyasida so‘nggi yillardagi eng vayronkor zilzilalardan biri kuzatilgandi. Fojia 87 mingdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan.

Mavzuga oid