O‘zbekiston | 17:51 / 22.12.2023
6362
2 daqiqa o‘qiladi

4 oyga yopilgan «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlari qachondan ochilishi aniq emas

Yunusobod yo‘nalishining ikki metro bekati profilaktik ishlar sabab avgust oyida 4 oyga yopilgandi. Bu yo‘nalishdagi poyezdlar harakati 26 dekabrda yo‘lga qo‘yilishi kerak. Biroq Kun.uz’ga ma’lum qilinishicha, hozirda tekshirish ishlarining so‘nggi bosqichi ketmoqda, bekatlarning aytilgan sanada ochilishi noma’lum.

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining «Turkiston» va «Yunusobod» metro bekatlari 26 avgust kuni 4 oy muddatga rejali profilaktik ishlar uchun yopilgandi. Bunga sabab qilib yer osti metro tunnellari va bekatlari ma’lum muddat ekspluatatsiya qilinganidan so‘ng rejali profilaktika ishlari uchun yopilishi lozimligi ko‘rsatilgandi.

To‘rt oylik muddat tugashiga 4 kun qolganda Kun.uz muxbiri hozirda bu bekatlardagi ishlar qaysi bosqichdaligi va qachondan tugatilib, yo‘nalishda poyezdlar harakatlanishi yuzasidan «Toshkent metropoliteni» matbuot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev bilan bog‘landi.

Uning aytishicha, rejali profilaktik ishlar so‘nggi bosqichga yetgan.

«Hozirda bu ishlar so‘nggi bosqichga yetgan, har bitta yo‘nalishi bo‘yicha ishlar yakunlanishi bilan bekatlar yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yerda asosiy ko‘zlangan maqsad ishlarni shoshmashosharlik bilan bajarish emas. Ishlar[profilaktik] xizmat ko‘rsatishda belgilangan normalar bo‘yicha xavfsiz bo‘lishi[muhim].

Shuning uchun bunda[metro bekatlarining qachon ochilishi bo‘yicha] qaysidir aniq vaqtni aytib bo‘lmaydi, lekin ishlarning so‘nggi bosqichi amalga oshirilyapti»,– deydi To‘ychi Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, bekatlar yopilgach, «Turkiston-Yunusobod–Shahriston» metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yilgandi. Ularning kunlik ish vaqti tongi 06:00 dan tungi 00:00 ga qadar deb belgilangandi.

«Shahriston» va «Ming O‘rik» bekatlari oralig‘ida poyezdlar harakati odatidagidek davom etgan.

Mavzuga oid