Yaqin Sharq: Eron va Livanni urushga tortishga harakat bo‘lyaptimi?
Isroil Bayrutga hujum qilib, HAMAS yetakchisining o‘rinbosarini o‘ldirdi. Bu voqeaning ertasiga Eron tarixidagi eng yirik terakt sodir etildi. “Geosiyosat” bu hodisalar atrofidagi savollarga javob olish uchun Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Farhod Karimov bilan suhbatlashdi.
— Livanga berilgan zarbadan keyin “Hizbulloh” va HAMAS Isroilga birgalikda javob berishi mumkinmi?
— Solih al-Aruriyning o‘ldirilishi natijasida HAMAS, “Hizbulloh” va boshqa tashkilotlar tomonidan keskin e’tiroz bildirilyapti. “Hizbulloh” tomonidan keskin javob berish masalasi ko‘tarildi. HAMAS esa o‘zi shundoq ham urush holatida, yana shundan chiqib turib alohida javob qaytarishi qiyin bo‘lsa kerak.
Livan – mustaqil suveren davlat. Livan tomoni Isroildan izoh so‘radi, Isroil esa bu Livanga qaratilgan harakat emas, degan javob berdi. Solih al-Aruriy “Hizbulloh” va HAMAS o‘rtasidagi masalalarda asosiy shaxs edi. Yana shunday bir vakilni topish uchun “Hizbulloh” va HAMAS vaqt yo‘qotadi, bu orada HAMASning G‘azodagi ayrim harakatlari cheklanishi ham mumkin.
“Hizbulloh” tashkiloti keskin javob bo‘lishi haqida bayonot berdi, ammo bu kabi bayonotlar oldin ham bo‘lgan, biroq urush darajasiga bormagan, vaqti-vaqti bilan kichik hujumlar bo‘lib turgan. “Hizbulloh”ning g‘oyaviy yetakchisi bo‘lgan Xumayniy ham to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirmaslikka chaqirgan edi. Chunki hamma bilib turibdiki, bunday harakatlar orqali Eron homiyligi ostidagi tashkilotlarni urushga tortish ko‘zlanyapti.
— Zarbaning asl sababi urushni kengaytirishmi yoki faqat HAMAS liderlarini nishonga olishmi?
— Urushni kengaytirish maqsadi ham bo‘lishi mumkin. Chunki Isroilning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘si tushib boryapti. Shunday holatda vaziyatdan chiqish uchun bunday yo‘llar ham tutilishi mumkin. Dunyo nigohini G‘azodagi vaziyatdan boshqa tomonga olishga urinish bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.
Eron siyosatida Isroil masalasi aniq belgilangan, ular Isroilni davlat sifatida umuman tan olmaydi. Shuning uchun ham Isroil va Eron ochiqdan ochiq bir-biriga dushman hisoblanadi. Shuning uchun ham bu masalani hal qilib olish uchun Eronni urushga tortish provokatsiyalari bo‘ladi. Eron bunday provokatsiyalarga uchmaydi, chunki oqibatini yaxshi biladi, AQSh va G‘arb bilan urushishga to‘g‘ri kelishini anglaydi. Shu nuqtayi nazardan, ochiqcha javob bermaydi. Ammo “Hizbulloh” kabi tashkilotlar orqali javob berishga harakat bo‘ladi. Iroq va Suriyada ham shunday bo‘lgan edi, ya’ni vositachilar orqali urush bo‘lgandi. To‘g‘ridan to‘g‘ri urush og‘ir oqibatlarga olib keladi.
— Erondagi terakt uchun javobgarlikni IShID zimmasiga oldi. Bu guruh yana faollashdi deyish mumkinmi?
— IShID, “Al-Qoida”, “Jabhat an-Nusra” kabilar vositaviy kuchlar hisoblanadi, siyosiy kuchlar bunday tashkilotlarga vaqti-vaqti bilan murojaat qilib turadi. Shuning uchun ham bu tashkilotlar kuchsizlantiriladi va kerak bo‘lganda yana sahnaga olib chiqiladi. Oxirgi 25-30 yilda geosiyosiy maydonda bunday holatlar ko‘p bo‘ldi. Bunday tashkilotlarni doimiy faol ushlash uchun resurslar kerak, shuning uchun kerak bo‘lgan paytda faollashtiriladi. O‘ylashimcha, IShID oldingiday faol bo‘lishi geosiyosiy kuchlarning kelishuviga bog‘liq. IShID bo‘lmasa, boshqa tashkilot chiqadi, bu yerda asosiy masala ularning nima maqsadda tayyorlanganligida.
Shunday murakkab holatda kimdir teraktlarni bo‘yniga olishi kerak bo‘ladi, shunday bir vaziyatda IShID chiqyapti. Lekin Suriyadagi kabi faol holatga qaytmaydi.
IShID Suriyadan siqib chiqarilgach, Iroqqa o‘tdi, keyinchalik Afg‘onistonga o‘tdi. “Tolibon”ning o‘z muammolari yetarli, butun boshli davlat tashvishi turibdi. Shunday bir holatda IShIDni Afg‘onistondan chiqarish “Tolibon”ning o‘ziga ham yordam berishi mumkin. Shuning uchun ham “Tolibon” Eronning Afg‘oniston chegarasida antiterror operatsiyaga munosabat bildirmayapti. Shu bahonada “Tolibon” ham IShID Afg‘onistonning qayerlarida faoliyat olib borayotganini aniq bilib olar, o‘z xavfsizligi uchun.
— IShID Suriya, Iroq va Afg‘onistonda faol. Hozirgi kunda bu guruhning asosiy joylashgan markazi qayerda?
— Suriyada asosiy qismi siqib chiqarildi, hozir ko‘proq Afg‘onistonda faoliyat olib borishadi, chunki nazoratsiz hudud u yer, “Tolibon” ham to‘liq nazorat o‘rnatolgani yo‘q. Iroqda ham qisman faoliyat olib boryapti.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
15:21
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
22:47 / 25.12.2024
Putin yana “tarixiy hududlar” haqida gapirdi. U qayerlarni aytyapti?
16:58 / 25.12.2024
Eronda WhatsApp va Google Play blokdan chiqariladi
14:07 / 25.12.2024