AQSh HAMAS homiylari haqidagi ma’lumot uchun mukofot e’lon qildi
Qo‘shma Shtatlar Sudan va Turkiyadan bo‘lgan bir necha kishini HAMASni moliyalashtirishda vositachi deb biladi va ular haqida ma’lumot to‘plamoqda.
AQSh Davlat departamenti «HAMAS tashkilotining moliyaviy mexanizmlarini yo‘q qilishga olib keladigan» ma’lumot uchun 10 million dollargacha mukofot taklif qildi. Bu haqdagi xabar AQSh Davlat departamenti rasmiy saytida 6 yanvar, shanba kuni paydo bo‘ldi, ammo taklifning o‘zi dekabr oyi o‘rtalaridan beri amalda.
Idora guruh a’zolari va HAMAS sarmoya tarmog‘ining bir qismi deb ataydigan besh kishi haqidagi ma’lumotlarga qiziqmoqda. Davlat departamenti Abdulbosit Hamza Elhasan Xayr ismli shaxs haqida batafsil ma’lumot taqdim etdi. Departamentga ko‘ra, u Sudanda yashovchi, guruhning «investitsion portfelidagi ko‘plab kompaniyalarni» boshqargan, shuningdek, rahbariyatiga deyarli 20 million dollar o‘tkazishda shaxsan ishtirok etgan HAMAS moliyachisi. Davlat departamenti qayd etishicha, Abdulbosit Hamza Elhasan Xayr, shuningdek, «Al-Qoida» va Usama bin Lodinga aloqador kompaniyalar bilan uzoq yillik moliyaviy aloqalarga ega.
Bayonotda sanab o‘tilgan qolgan uch kishi - Amir Kamol Sharif Alshava, Ahmad Sadu va Valid Muhammad Mustafo Jadalloh. AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, ularning barchasi Turkiyada istiqomat qiladi va HAMAS sarmoya portfeliga kiruvchi kompaniyalarga ega.
Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Muhammad Ahmad Abduldaim Nasrulloh ismli shaxs haqida ma’lumot qidirmoqda - u Eron tashkilotlari va HAMAS harbiy qanoti - «al-Qassam brigadalari»ni moliyalashtirish bilan aloqador.
«Adolat uchun mukofot» dasturiga ko‘ra, Davlat departamenti HAMASning moliyalashtirish zanjirini buzishga yordam beradigan bu va boshqa shaxslar haqidagi ma’lumot uchun 10 million dollargacha pul taklif qilmoqda.
HAMASga kriptovalutalar yordamida homiylik qilinishi aytiladi
AQSh Moliya vazirligi 7 oktyabr kuni HAMASning Isroilga hujumidan ko‘p o‘tmay, guruhni moliyalashtirishga qarshi kurashish uchun xalqaro koalitsiya tuzishga chaqirdi. Koalitsiyaga nafaqat Qo‘shma Shtatlarning an’anaviy ittifoqchilari, balki butun dunyo mamlakatlarini jalb qilish taklif qilindi.
AQSh Moliya vazirligi vakili kriptovalutalarni HAMAS moliyalashtirish zanjirlarini kuzatishdagi eng katta muammolardan biri deb atadi. Guruh, boshqa tashkilotlari singari, uzoq vaqtdan beri g‘arb sanksiyalari ostida bo‘lgan, biroq 2021 yil avgustidan 2023 yilning iyuniga qadar kriptovalutada 41 million yevro olgan. Isroilga hujumda unga qo‘shilgan Falastin guruhi yana 93 million dollarni kriptovalutada olgani aytiladi.
Germaniya ham HAMAS moliyalashtirilishidan tashvishda
HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng Germaniyada Falastin hududlarini nemislar tomonidan moliyalashtirish borasida munozaralar boshlanib ketdi. Tanqidchilar Falastin milliy ma’muriyati (FMM) rahbari Mahmud Abbos guruh tarafini olgani, shuning uchun uning ma’muriyatiga yordam berishni to‘xtatish kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Falastin hududlari har yili birgina Germaniyadan 50 million yevrogacha to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam oladi.
2023 yil noyabr oyi boshida Germaniyada HAMAS hamda Falastinni ozod qilish xalq fronti (FOXF) so‘l qanotiga yaqin bo‘lgan «Samidun» guruhi faoliyati taqiqlangan edi. Tergovchilarning aytishicha, Germaniyada «Samidun» bo‘limi HAMAS tashviqotini tarqatgan. Bu, o‘z navbatida, hamaschilarga yashirin tranzaksiyalar tizimi orqali vakillarga xususiy ravishda pul o‘tkazishi mumkin bo‘lgan tarafdorlarini jalb qilish imkonini berdi.
Mavzuga oid
15:52
Amerikalik olimlar bioorganizmlarning “uchinchi holati”ni aniqladi
15:12
Uyqu to‘g‘ri qaror qabul qilishga yordam beradi - tadqiqot
14:32
AQShda juftlik to‘yi uchun to‘plagan pullarni uysiz itning operatsiyasiga sarfladi
11:54