Xitoy Tayvanga yordam bergan AQSh kompaniyalariga qarshi sanksiya kiritdi
AQShning beshta mudofaa kompaniyasi Tayvanga qurol sotgan, deb hisoblaydi Pekin.
XXR Amerikaning beshta mudofaa sanoati kompaniyasiga qarshi Tayvanga qurol sotishda ishtirok etgani uchun sanksiyalar joriy qildi. Bu - AQSh Davlat departamentining yaqinda Tayvanga qurol sotishni ma’qullagani, shuningdek, Vashington tomonidan bir qator Xitoy kompaniyalariga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarga «qarshi choralar», deyiladi 7 yanvar, yakshanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotda.
Xabarda aytilishicha, gap BAE Systems Land and Armament, Alliant Techsystems Operation, AeroVironment, ViaSat va Data Link Solutions kabi kompaniyalar haqida ketmoqda. Ushbu tashkilotlarning XXRdagi mulki va aktivlari muzlatiladi, Xitoydagi fuqarolar va kompaniyalarga ular bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi.
Biroq ro‘yxatda keltirilgan kompaniyalarning hammasi ham qurol ishlab chiqarish bilan bevosita shug‘ullanmaydi – masalan, ViaSat, garchi u Pentagon bilan hamkorlik qilsa ham, telekommunikatsiya kompaniyasi hisoblanadi.
XXR TIV vakilining aytishicha, Tayvanga qurol sotilishi «yagona Xitoy» tamoyili hamda Xitoy va AQSh o‘rtasidagi uchta qo‘shma kommyunike qoidalarini ochiqdan-ochiq buzishdir».
AQSh va Xitoy avvalroq harbiy sohadagi aloqalarni tiklagandi
2023 yil dekabrida AQSh Davlat departamenti Taybeyga umumiy qiymati 300 million dollar (taxminan 284 million yevro) miqdorida qurol yetkazib berishni ma’qulladi. Pekin bu faktdan norozilik bildirdi.
Shu bilan birga, noyabr oyida AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping mamlakatlar harbiy idoralari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni qayta tiklashga kelishib oldi. Bu haqda yetakchilar uzoq vaqtdan beri ilk bor uchrashgan San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti arafasida e’lon qilindi.
Xitoy rahbari bilan uchrashuvda Bayden yana bir bor AQShning «yagona Xitoy» tamoyiliga sodiqligini tasdiqladi, unga ko‘ra siyosiy aloqalar Tayvan oroli hukumati bilan emas, Xitoy hukumati bilan o‘rnatilishi kerak. 2022 yil avgust oyida AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Tayvanga tashrif buyurganidan keyin Pekin Vashingtonni tanqid qildi va uni ushbu tamoyilga rioya qilmaslikda aybladi.
Vashington Tayvanga yordam berishda davom etyapti
Vashington Taybey bilan rasmiy diplomatik aloqalarni davom ettira olmaydi, ammo Amerika qonunchiligi Qo‘shma Shtatlardan Tayvanning kuchli mudofaasini ta’minlashini talab qiladi. Buning sababi - 1979 yilda AQSh Kongressi tomonidan qabul qilingan «Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonun».
Ushbu hujjat tomonidan ruxsat etilgan choralardan biri mudofaa maqsadlarida Tayvanga qurol sotishdir. Shularni hisobga olib, AQSh Pekin bilan munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lsa ham, orolga harbiy yordam berishda davom etmoqda. Shu bilan birga, Pekin Tayvan suverenitetini, jumladan, diplomatik vositalar orqali cheklashga urinishlarini to‘xtatmayapti.