Jahon | 22:55 / 09.01.2024
11456
3 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistonida Ukraina va uning ittifoqchilari o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha yashirin muzokara o‘tkazildi – OAV

Uchrashuvda sezilarli yutuqlarga erishilmagani, ammo kelajakda muzokaralar davom ettirilishi ta’kidlanmoqda.

Foto: AFP

2023 yil 16 dekabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Ukraina, G7 va Global Janubning ayrim mamlakatlari vakillari o‘rtasida Kiyevning urushni tugatish bo‘yicha tinchlik rejasiga bag‘ishlangan maxfiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib yozdi. 

Uning asosiy vazifasi ittifoqchilarni ajratib tashlashga va tinchlik muzokaralarini istamaydigan tomon sifatida ko‘rsatishga urinayotgan rus tashviqotiga qarshi choralar ishlab chiqish edi. 

Uchrashuv ba’zi ishtirokchilar unda ko‘tarilgan masalalarni muhokama qilishda o‘zini noqulay his qilmasligi uchun oshkor etilmadi. Muzokarachilar, jumladan, Rossiya bilan kelajakda munosabatlarni qanday yo‘lga qo‘yishni muhokama qilgan. 

Bloomberg manbalarining qayd etishicha, uchrashuvda sezilarli yutuqlarga erishilmagan. Ukraina va uning G7 ittifoqchilari Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun Global Janubdagi davlatlarning chaqiruvlarini rad etgan. Yig‘ilishda Hindiston, Saudiya Arabistoni va Turkiya vakillari ishtirok etgan bo‘lsa, avvalgi tinchlik sammitlarida qatnashgan Xitoy, Braziliya va BAA vakillari ishtirok etmagan. 

Kiyev va uning ittifoqchilari Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilgan holda tinchlik o‘rnatish mumkinligini, Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketishi mumkinligini takrorlagan, shuningdek, Vladimir Putinning maqsadlari yaqinda o‘zgarmaganini va u avvalgi kelishuvlarni buzganini ta’kidlagan. 

YeI davlatlari va AQSh vakillari urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishini tasdiqlagan. Tinchlik bo‘yicha navbatdagi uchrashuv kelasi hafta Shveytsariyada, Davos forumida bo‘lib o‘tishi kerak. 

Kremlga yaqin Bloomberg manbasining aytishicha, o‘tgan yil oxirida G‘arb o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun Rossiya rasmiylari bilan «muloqot qilishga» uringan, ammo tafsilotlar ochiqlanmagan.

Mavzuga oid