Jahon | 00:38 / 10.01.2024
6097
2 daqiqa o‘qiladi

Blinken Isroil mudofaa vaziri bilan G‘azo sektori janubidagi vaziyatni muhokama qildi

Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallant AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: GPO

Uchrashuvda Isroil mudofaa kuchlarining (TsAHAL) G‘azo sektori janubidagi Xon-Yunis hududida amaliyotlar jadalligini oshirish rejalari muhokama etilgan. Isroil mudofaa vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, hududdagi janglar HAMAS harakatining butun rahbariyati topilmaguncha va garovdagi isroilliklar uyiga qaytmaguncha davom etadi.

Times of Israel gazetasining yozishicha, Blinken bilan uchrashuvda Isroil Mudofaa vaziri «Eronga bo‘ysunuvchi kuchlar orqali amalga oshirilgan hujumlar» tufayli Yaqin Sharq mintaqasidagi keskinliklarga ham e’tibor qaratgan. «Eronga bosimni kuchaytirish kerak, bu mintaqada keskinlashuvning oldini olishi mumkin», degan Yoav Gallant.

Vazir so‘zlariga ko‘ra, hozir Isroilning ustuvor yo‘nalishi so‘nggi paytlarda Livanning «Hizbulloh» guruhiga qarshi harbiy amaliyotlar kuchaygan shimoliy Isroil aholisini xavfsiz ko‘chirishdir.

8 yanvar kuni TsAHAL matbuot kotibi Daniel Hagariy ham harbiylar asosiy e’tiborni janubiy va markaziy HAMAS qo‘rg‘onlariga, xususan, Xon Yunis va Dayr al-Balohga qaratishni rejalashtirayotganini aytdi. Shu bilan birga, u G‘azo sektoridagi TsAHAL operatsiyasining jadalligi pasaygani, bu esa askarlardan kamroq foydalanish va havo hujumlari sonini kamaytirishni nazarda tutishini ta’kidladi.

Mavzuga oid