Jahon | 23:15 / 11.01.2024
12906
2 daqiqa o‘qiladi

Eron Ummon ko‘rfazida AQSh neft tankerini hibsga oldi 

Tankerni hibsga olish sud qarori asosida amalga oshirilgani ta’kidlanmoqda. 

Illyustrativ foto

Eron harbiy dengiz kuchlari Ummon ko‘rfazida Amerika neft tankerini qo‘lga oldi. Bu haqda Eronning Tasnim agentligi xabar berdi. 

Xabarda aytilishicha, tankerni hibsga olish sud qarori asosida amalga oshirilgan. Boshqa tafsilotlar, jumladan, kema nomi keltirilmagan. 

11 yanvar kuni Britaniya dengiz savdo operatsiyalari boshqarmasi qora kiyimdagi bir guruh qurollangan kishilar Ummon ko‘rfazi orqali suzib o‘tayotgan St Nikolas kemasini qo‘lga olgani haqida xabar berdi. 

Hodisa Ummonning Suhar portidan 90 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Tanker, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Iroq neftini tashigan. Kema Gretsiyaning Empire Navigation yuk tashish kompaniyasiga tegishli ekani ta’kidlanmoqda. St Nikolas bortida 19 kishi, 18 nafar Filippin va 1 nafar Gretsiya fuqarosi bo‘lgan. 

Ilgari tanker Suez Rajan deb nomlangan. Amerika rasmiylariga ko‘ra, kema 2023 yilda sanksiyalarni buzgan holda Eron neftini tashigan, shu sababli qo‘lga olingan. Bunga javoban Eron Amerikaning Chevron energetika kompaniyasi uchun Quvaytdan neft olib ketayotgan tankerni qo‘lga olgan.

 

Mavzuga oid