O‘zbekiston | 10:12 / 13.01.2024
4616
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisi soni 2030 yilga borib 41 mln kishidan oshishi kutilyapti

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, tug‘ilish yuqori ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda, mamlakat aholisi soni 2030 yilga borib 41 mln kishidan oshadi.

Foto: Kun.uz

Qozog‘istonning «Kazinform» xalqaro axborot agentligi «2023 yilda O‘zbekistonda 900 mingdan ortiq bola tug‘ildi» sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

«O‘zbekiston Adliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yilda respublikada 968 ming 140 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq ro‘yxatga olingan, - deyiladi maqolada. - Ulardan 466 ming 563 nafari qizlar, 501 ming 177 nafari o‘g‘il bolalardir. Bu 2022 yilga nisbatan 28360 nafarga kam».

Qayd etilishicha, tug‘ilishning eng yuqori ko‘rsatkichi Samarqand viloyatida kuzatilgan. Samarqandda o‘tgan yili 114446 nafar bola tug‘ilgan. Farg‘ona viloyati 107 ming 602 nafar bola bilan ikkinchi o‘rinda joylashdi. Tug‘ilish ko‘rsatkichi bo‘yicha birinchi beshlikka Qashqadaryo, Andijon va Surxondaryo viloyatlari ham kirdi.

«Yangi 2024 yilning birinchi kunida O‘zbekistonda 1859 nafar chaqaloq dunyoga keldi. O‘zbekiston Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutining tahlillariga ko‘ra, tug‘ilishning yuqori ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda mamlakat aholisi soni 2030 yilga borib 41 million kishidan oshadi», - deb yozgan «Kazinform».

Mavzuga oid