Jahon | 10:53 / 13.01.2024
4033
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sanksiyalarni chetlab o‘tib, qurol uchun g‘arb komponentlarini sotib olayotgani aytildi

2023 yilda Rossiya qurol komponentlari importining deyarli yarmi g‘arb kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga to‘g‘ri keladi, bu Kiyev iqtisodiyot instituti va Yermak-Makfol guruhi surishtiruvida aniqlandi.

Foto: NATALIA KOLESNIKOVA/AFP

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumiga javoban kiritilgan sanksiyalarga qaramay, Rossiya harbiy ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan katta hajmdagi tovarlarni import qilishda davom etmoqda. Bu haqda Kiyev iqtisodiyot instituti va Yermak-Makfol xalqaro ekspertlar guruhining 11 yanvar kuni chop etilgan qo‘shma surishtiruvida aytiladi

Ekspertlar hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-oktyabr oylarida AQSh, YeI, Buyuk Britaniya va Ukrainaning boshqa hamkorlari jangovar harakatlar uchun ustuvor yo‘nalish sifatida hisoblovchi tovarlarning Rossiyaga importi 8,77 milliard dollarga yetdi – bu sanksiyalar joriy etilishidan oldingi ko‘rsatkichdan atigi 10 foizga kam. Rossiya harbiy sanoati uchun muhim hisoblangan barcha tovarlar uchun bu ko‘rsatkich yanada yuqori - 22,23 milliard dollar. 

Rossiya hujumidan so‘ng, Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar koalitsiyasi urush olib borish uchun muhim resurslardan mahrum qilish maqsadida Rossiya Federatsiyasiga eksport bo‘yicha, shu jumladan ikki tomonlama ishlatiladigan tovarlarga misli ko‘rilmagan nazorat o‘rnatdi, deyiladi surishtiruvda. Biroq, Rossiya uchinchi davlatlardan foydalanib, sanksiyalarni chetlab o‘ta oldi. 

Tovarlar RFga Xitoy, Turkiya va BAA kompaniyalari orqali kiradi 

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, 2023 yil o‘n oyida Rossiya importining deyarli yarmi g‘arb kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlardan iborat. «Ular xorijda ishlab chiqariladi va Xitoy, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklaridagi vositachilar orqali Rossiyaga yetib boradi», deb ta’kidlaydi hisobot mualliflari. 

Tadqiqot mualliflari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurash choralarini ko‘rishga chaqirmoqda. Ularning fikricha, ushbu chora-tadbirlar eksport nazorati siyosatidagi kamchiliklarni bartaraf etish, korporativ mas’uliyatni oshirish, uchinchi davlatlar orqali sanksiyalarni chetlab o‘tish oldini olish, shuningdek, cheklovchi choralarni amalga oshirish uchun mas’ul institutlarni kuchaytirish va ularning hamkorligini yaxshilashga qaratilgan bo‘lishi kerak. 

Mavzuga oid