Jahon | 14:14 / 22.01.2024
32138
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda samolyot halokatidan omon qolganlarning fotosi paydo bo‘ldi

Afg‘on nashrlari Rossiyaning Falcon 10 samolyoti halokatidan omon qolgan ekipaj a’zolari aks etgan fotosuratni namoyish etdi. Yo‘lovchilar halok bo‘lishgan.

Afg‘onistondagi Hurriyat radiosi rossiyaliklarning Falcon 10 samolyoti halokatga uchragan joyda olingan video hamda omon qolgan ekipaj a’zolari aks etgan fotosuratni namoyish etdi. Rolik Hurriyat’ning tvitter sahifasiga joylashtirilgan.

Hurriyat nashri aniqlik kiritishicha, samolyot Afg‘oniston harbiy-havo kuchlari qutqaruv jamoasi tomonidan mamlakatning «chekka va tog‘li hududida» aniqlangan. Halokatdan omon qolganlar avvaliga tuman markaziga olib kelingan, u yerdan esa Kobuldagi shifoxonaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda. 

Shot telegram-kanali xabar berishicha, uchuvchilar Dmitriy Belyakov va Arkadiy Grachev, shuningdek tibbiyot xodimi Pavel Popov jiddiy jarohat olmagan. Kanalning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan fotosuratda tibbiyot xodimlaridan yana biri — Igor Sivorotkin to‘liq ko‘rinmaydi, ammo, Shot ma’lumotiga ko‘ra, uning holati ham qoniqarli baholanmoqda.

Radiostansiyaning aniqlik kiritishicha, qutqaruv amaliyoti yakunlangan. Nashr xabarida samolyot yo‘lovchilari —volgodonsklik Anatoliy va Anna Yevsyukovlar haqida ma’lumot yo‘q. RIA Novosti favqulodda xizmatlarga tayanib yozishicha, ular halok bo‘lishgan. Ularning jasadi 23 yanvar kuni Kobulga uchadigan maxsus bort orqali olib qaytiladi.

  • Rosaviatsiya xabariga ko‘ra, Rossiyaning «Atletik Grupp» kompaniyasi va xususiy shaxsga tegishli bo‘lgan Falcon 10 samolyoti 20 yanvar kuni kechqurun Afg‘oniston havo kengliklarida uchayotganida radarlardan yo‘qolib qolgan. Ushbu bort Tailanddan Hindiston va O‘zbekiston orqali charter sanitar reysni amalga oshirayotgandi. Samolyot bortida olti kishi bo‘lgan (ikki yo‘lovchi va ekipajning to‘rt a’zosi).
  • TASS agentligi favqulodda xizmatlarga tayanib yozishicha, samolyot halokatiga ikkita dvigatel ishlamay qolgani sabab bo‘lgan. RF Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan jinoiy ish ochgan.

Mavzuga oid