O‘zbekiston | 15:55 / 26.01.2024
3541
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ekotizimlarni saqlash borasida Xitoy tajribasini o‘rganmoqda

O‘zbekiston va Xitoy ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ekologiya vazirligi xabariga ko‘ra, Xitoy qum bo‘ronlari va cho‘llarni nazorat qilish bo‘yicha milliy kengashi raisi An Fendzining Samarqandda o‘tkazilgan BMTning cho‘llanish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasi 21-sessiyasida ishtirok etishi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash borasida muhim qadamga aylandi.

An Fendzi va ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov o‘rtasidagi uchrashuvda yerlarning degradatsiyasi va barqaror yer boshqaruvi bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, tajriba almashish, O‘zbekistonning chang va qum bo‘ronlari xavfi yuqori bo‘lgan hududlarida qo‘shma ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Yakunda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyasiga qarshi kurashish sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik to‘g‘risida memorandum ishlab chiqish va imzolash orqali tez orada yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Xitoy unumdor tuproqlarni tabiatning salbiy ta’siridan himoya qilishga yordam beruvchi ekologik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Cho‘llanishga qarshi kurashish va ekotizimlarni tiklashda ham katta tajribaga ega. So‘nggi 10 yilda «Uch shimol» loyihasi doirasida o‘rmonlar maydoni 33,3 mln gektardan ortiqroqqa ko‘paydi.

Mavzuga oid