Jahon | 15:41 / 27.01.2024
6359
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya Rossiyani dezinformatsiya kampaniyasida ayblab chiqdi

Sputnik News, RT va RIA «Novosti» agentliklari Moskva Rossiyaning Ukrainaga hujumi boshlanganidan beri olib borayotgan Fransiyaga qarshi «feyklar» kampaniyasida ishtirok etmoqda, deya ma’lum qildi Fransiya qurolli kuchlari vazirligi.

Foto: Reuters

Fransiya Rossiyani Moskva tomonidan Ukrainaga qarshi boshlagan urush kontekstida G‘arbiy Yevropaning ushbu davlati haqida ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatishda aybladi. Gap Sputnik News, RT va RIA «Novosti»  kabi davlat OAV ishtirokidagi «Rossiya tomonidan kelishilgan harakatlar» haqida ketmoqda, deb xabar qildi Fransiya qurolli kuchlari vazirligi 26 yanvar, juma kuni

Parijning ta’kidlashicha, 2022 yil fevralida Rossiyaning qo‘shni davlatga hujumi boshlanganidan beri Fransiya «Rossiyaning dezinformatsiya kampaniyasining nishoni» bo‘ldi. Unga ko‘ra, bu kampaniya yanvar oyi o‘rtalarida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning frontdagi g‘alabasi tahdidi haqida ogohlantirib, Ukrainaga yangi harbiy yordam ko‘rsatilishini e’lon qilgan paytdan boshlab kuchaydi.

Parij Rossiya mudofaa vazirligining fransuz yollanma askarlari haqidagi bayonotini rad etdi

17 yanvar kuni Rossiya mudofaa vazirligi Kiyev tomonida jang qilayotgan xorijliklarning Xarkivdagi «vaqtinchalik joylashtirish punkti»ga RF tomonidan hujum uyushtirilgani haqida e’lon qilib, joylashtirish punkti asosan «fransuz yollanma askarlari»dan iborat bo‘lganini bildirdi. Parij bu ayblovlarni rad etib, Ukrainada fransuz yollanma askarlari haqidagi so‘zlarni «qo‘pol manipulyatsiya» deb baholadi.

Bir necha kundan so‘ng, bir qator Telegram-kanallarda zarba oqibatida halok bo‘lgan yollanma askarlar ro‘yxati e’lon qilindi, biroq bu ro‘yxatlarning ba’zilari ehtimoliy fransuzlar ismlari bilan 2022 yildan beri tarqalmoqda, deya ta’kidlaydi AFP. Bundan tashqari, 24 yanvar kuni Rossiya mudofaa vazirligi birinchi marta Fransiyada ishlab chiqarilgan SAMP-T zenit-raketa majmuasi yo‘q qilinganini bildirdi, ammo bu haqda dalillar keltirmadi, deya ta’kidlab o‘tdi Parij.

Fransiya Ukrainaga harbiy yordam kuchayib borayotganini hisobga olib, Rossiyadan keyingi «manipulyatsiyalar»ni kutmoqda, dedi Fransiya qurolli kuchlari vaziri Sebasten Lekornyu. Parij bunday tahdidlarga javob choralarini kuchaytiradi, deya qo‘shimcha qildi vazir. 

Mavzuga oid