O‘zbekiston | 18:05 / 15.02.2024
12836
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand yaqinida M-39 avtomobil yo‘lidagi xavf bartaraf etilib, qatnov tiklandi

Samarqand viloyati IIB YHXB va FVB xodimlari sa’y-harakatlari bilan xavf bartaraf etilgan.

2024 yil 14 fevral kuni M-39 Toshkent-Termiz avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati hududidan o‘tgan 1079-1080-kilometrlari oralig‘ida, Cho‘ponota tepaligida yog‘ingarchiliklar va bir qator omillar ta’sirida yoriqlar paydo bo‘lgan.

Oqibatda, yo‘lning o‘ng tomonida avtomobillar harakati uchun xavf tug‘ilgan. Viloyat IIB harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘lning bir tomonini yopib, ikkinchi tomonida bir tomonlama harakatlanishni tashkil etgan. Shuningdek, yuk mashinalariga boshqa qo‘shimcha yo‘llardan aylanib o‘tish tavsiya berilgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, xavf bartaraf etilgan va M-39 Toshkent-Termiz yo‘lida qatnovlar tiklangan. Hozirda yo‘ldan og‘ir va yengil turdagi transport vositalari birday harakatlanishi mumkin.

“Xalqaro ahamiyatdagi M-39 Toshkent—Termiz avtomobil yo‘lining 1079-1080-kilometrlari oralig‘ida Cho‘ponota tepaligida yog‘ingarchiliklar va bir qator omillar ta’sirida paydo bo‘lgan yoriqlar natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ko‘chki xavfi bartaraf etildi. Hozirgi vaqtda avtomobil yo‘lining ushbu qismida transportlar harakati to‘liq tiklanib, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi ta’minlanganini ma’lum qilamiz”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid