O‘zbekiston | 21:21 / 19.02.2024
4636
3 daqiqa o‘qiladi

Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashdi

Qozog‘iston mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida O‘zbekiston tashabbuslarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. 

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovni qabul qildi, deb xabar berdi Tengrinews.

Prezident O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbarini samimiy qutlar ekan, Qozog‘iston-O‘zbekiston hamkorligi o‘zaro hamkorlikning barcha spektri bo‘yicha yuqori sur’atda rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston qardosh O‘zbekiston bilan munosabatlarni yanada mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratadi. 

Davlat rahbari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga qo‘shgan salmoqli hissasini alohida ta’kidlab, Qozog‘iston mintaqa xalqlari farovonligi yo‘lida O‘zbekiston tashabbuslarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘sishning yangi nuqtalarini topish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish muhimligi ta’kidlandi. 

To‘qayev tranzit-transport sohasida hamkorlikni mustahkamlashni muhim deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston Darboza-Maqtaraal temir yo‘l liniyasini qurishni boshladi, keyinchalik u O‘zbekiston bilan chegaragacha yetib boradi. Bu yuk tashish hajmini oshirishga yordam beradi. 

Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston tomonining Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishdagi ishtiroki o‘zaro manfaatli ekanligiga e’tibor qaratdi. 

Baxtiyor Saidov so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat rahbarlari Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashni yuqori darajaga ko‘targan. Shu munosabat bilan Baxtiyor Saidov avval erishilgan kelishuvlarni yuqori saviyada sifatli amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish rejalari bilan o‘rtoqlashdi. 

Suhbat chog‘ida suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik va Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ham muhokama qilindi. 

Bundan tashqari, ikki va ko‘p tomonlama xarakterdagi bo‘lajak uchrashuv va tadbirlar jadvali ko‘rib chiqildi.

Mavzuga oid