YI G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi
G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha umumiy chaqiruvga qo‘shilmagan yagona Yevropa Ittifoqi davlati Vengriya bo‘ldi, deb yozadi dpa agentligi diplomatlarga tayanib.
Isroil HAMAS tashkilotiga qarshi urush olib borayotgan G‘azo sektorida insonparvarlik sabablarga ko‘ra zudlik bilan otashkesim o‘rnatilishi kerak. Ushbu pauza uzoq muddatli harbiy harakatlarni to‘xtatish, barcha isroillik garovga olinganlarni so‘zsiz ozod qilish va tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga olib kelishi kerak. Bu bayonot 19 fevral, dushanba kuni kechqurun YeI tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha Yevropa Ittifoqining 26 mamlakati tomonidan yangragan.
G‘azo sektoridagi tinch aholini himoya qilishga chaqiriq
«Biz tinch aholining har doim xalqaro gumanitar huquqqa muvofiq himoyasini ta’minlash muhimligini ta’kidlaymiz», — deyiladi Yevropa Ittifoqiga a’zo 26 davlat tashqi ishlar vazirlari 19 fevral kuni e’lon qilgan bayonotda. Hujjatda, shuningdek, Isroil G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida harbiy harakatlar o‘tkazmaslikka chaqiriladi, bu hozirgi halokatli vaziyatni yanada og‘irlashtiradi va shoshilinch insonparvarlik yordami yetkazilishiga to‘sqinlik qiladi.
Dpa agentligiga ko‘ra, hozirda Rafah shahrida bir millionga yaqin tinch aholi istiqomat qiladi. Ularning aksariyati G‘azo sektorining boshqa qismlaridan kelgan qochqinlardir.
Tashqi ishlar vazirlarining qo‘shma bayonotiga qo‘shilmagan yagona Yevropa Ittifoqi davlati Vengriya bo‘ldi, deb yozadi dpa diplomatik doiralardagi manbalarga tayanib. Ta’kidlanishicha, Yevropa Ittifoqida bu mamlakat Isroilga nisbatan do‘stona munosabatda hisoblanadi.
BMT sudi Isroildan G‘azo sektoridagi operatsiyani to‘xtatishni talab qilmadi
Avvalroq, 26 yanvar kuni BMT Xalqaro sudi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha ogohlantiruvchi choralar to‘g‘risidagi qarorni e’lon qilgan edi. Haaga sudi Isroilga BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasiga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishni va Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azoda genotsid harakatlarini sodir etmasligini ta’minlashni buyurdi. Bundan tashqari, Xalqaro sud Isroil Falastin hududlaridagi tinch aholiga gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berishi kerak, degan qarorga keldi. Ayni paytda sud Isroildan G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyotini to‘xtatishni talab qilmadi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
14:13
G‘azo sektorida Isroil hujumlarida 16 falastinlik halok bo‘ldi
14:49 / 07.11.2024
Isroil armiyasi G‘azo shimolidagi uchta kasalxonaga zarba berdi
14:33 / 07.11.2024
YUNISEF: G‘azoda ikki kun ichida 50 dan ortiq bola halok bo‘ldi
12:57 / 07.11.2024