Iqtisodiyot | 10:19 / 22.02.2024
10077
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4 mlrd dollardan oshdi

Qozog‘istonning «Kazinform» xalqaro axborot agentligi O‘zbekistonga bag‘ishlangan turkum maqolalarni e’lon qildi.

«Dunyo» xabariga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo iqtisodiy aloqalarga bag‘ishlangan maqolada 2023 yilda ikki davlatning o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4 milliard dollardan oshgani qayd etilgan.

«O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Qozog‘iston O‘zbekistonning uchta asosiy tashqi savdo hamkorlaridan biri bo‘ldi, - deyiladi maqolada. - Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning 198 ta davlati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. 2023 yilning yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 62,6 milliard dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,9 foizga o‘sdi».

«Kazinform» tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoy savdo aylanmasi 13,7 milliard dollar bilan (umumiy ko‘rsatkichning 21,9 foizi) mamlakatning asosiy savdo sherigi bo‘lib qolmoqda. Rossiya bu ko‘rsatkich bo‘yicha ikkinchi o‘rinda - 9,88 milliard (15,8 foiz). Kuchli uchlikni Qozog‘iston yakunlagan – 4,39 milliard (7 foiz).

Qayd etilishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibida O‘zbekiston Qozog‘istonga 1 372,5 million dollarlik mahsulot eksport qilgan, import esa 3 026,4 million dollarni tashkil qilgan.

«Kazinform» o‘z o‘quvchilari e’tiboriga O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida ochilgan yangi loyihalar haqida axborot materialini ham taqdim qilgan. «O‘zbekistonda tibbiyot sifatini oshirish maqsadida «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» tashkil etiladi, - deb yozadi portal. - Sog‘liqni saqlash vazirligi tarkibida davlat organi shaklida «Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi» loyiha ofisini tashkil etish taklif etilmoqda».

Ta’kidlanishicha, markaz davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini to‘liq joriy etish hamda davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar va dori-darmonlar to‘plamini joriy etish, tibbiy xizmatlar sifati va xavfsizligini nazorat qilish tizimini kuchaytirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ul etib belgilangan.

Mavzuga oid