Erdo‘g‘an Ukraina va Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tqazmoqchi ekanini aytdi
Turkiya prezidenti Qora dengizda «don yo‘lagi»ni tiklash maqsadida ikki davlatni murosaga keltirmoqchi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an yana bir bor Ukraina va Rossiyani Istanbulda Qora dengiz «don yo‘lagi» bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tqazishga tayyorligini ma’lum qildi.
Bu haqda Erdo‘g‘an Albaniyada «Ukraina - Janubiy-Sharqiy Yevropa» sammiti ishtirokchilariga murojaati chog‘ida aytdi. Turkiya rahbari mamlakati Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini, shuningdek, Qrim tatarlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirayotganini ta’kidladi.
«Urushning uchinchi yiliga kirganimizga va barcha sa’y-harakatlarimizga qaramay, tinchlik o‘rnatish yo‘lida yetarlicha olg‘a siljish yo‘q. Men diplomatiya va muloqotga urushni adolatli va mustahkam tinchlik bilan tugatish imkoniyati berilishi kerak, degan qarashlarimda qolaman. Bu juda muhim, bu maqsadga erishish uchun barcha diplomatik kanallardan foydalanish kerak. Menimcha, hech bo‘lmaganda tinchlikning umumiy parametrlarini aniqlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni boshlash lozim. Bu borada biz Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tinchlik rejasining 10 bandini tubdan qo‘llab-quvvatlaymiz», dedi Erdo‘g‘an.
Erdo‘g‘an tinchlik tashabbuslari uchun har ikki tomonni birlashtirish muhim ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Qora dengiz bo‘ylab don yetkazish tashabbusi kun tartibida qolmoqda, biroq Qora dengizdagi tijorat kemalarining xavfsizligini ta’minlash qoidalariga ehtiyoj bor.
«Shu doirada biz Qora dengizda xavfsizlik majburiyatlarini o‘z ichiga olgan yangi qoidalarni o‘rnatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan aloqalarimizni davom ettirmoqdamiz. Qolaversa, tinchlik o‘rnatish uchun avval Istanbulda boshlagan muzokara jarayonini qayta boshlashga tayyormiz», dedi Erdo‘g‘an.
Mavzuga oid
21:53 / 25.12.2024
Ukraina Rossiya bilan iqtisodiy urushda g‘alaba qozonmoqda - The Economist
21:15 / 25.12.2024
Ukraina bo‘ylab bayram kechasi yopirilma zarbalar yo‘llandi
20:48 / 25.12.2024
Erdo‘g‘an Suriyadagi kurd qurolli guruhlarini «ko‘mishga» va’da berdi
16:21 / 25.12.2024