O‘zbekiston | 08:48 / 29.02.2024
4580
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent va Mumbay o‘rtasidagi havo qatnovi qayta tiklanmoqda

Mumbayga aviaqatnovlar aprel oyida qayta yo‘lga qo‘yilishi kutilyapti.

Foto: «Dunyo» AA

Hindistonning Maharashtra shtatida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan aprel oyida Toshkent–Mumbay–Toshkent havo qatnovi qayta tiklanayotgani hamda mamlakat jozibador turizm yo‘nalishlariga bag‘ishlangan yirik taqdimot marosimi o‘tkazildi.

"Dunyo" xabariga ko‘ra, marosimda Maharashtra shtati, jumladan, uning ma’muriy markazi - Mumbay shahrida faoliyat yuritadigan 100 ga yaqin yetakchi turistik tashkilot va agentliklar rahbarlari va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taqdimotda Uzbekistan Airways aviakompaniyasining xorijiy davlatlar, jumladan, Hindistonga parvoz geografiyasi kengayib borayotgani, aprel oyida Mumbayga aviaqatnovlar qayta yo‘lga qo‘yilgach, hind shaharlariga parvozlar soni haftasiga sakkiz martaga yetishi ta’kidlandi. Mamlakat milliy aviatashuvchisi Hindistonga reyslar sonini muntazam tarzda ko‘paytirib borishni rejalashtirayotganiga alohida e’tibor qaratildi.

Toshkent va Mumbay shaharlari havo yo‘li orqali bog‘lanayotgani qariyb 120 million aholi yashaydigan Maharashtra shtati va unga qo‘shni hududlar aholisi uchun turizmning yangi yo‘nalishlari, jumladan, tog‘-chang‘i, ziyorat, ekologik turlarini o‘zlashtirish, nikoh marosimlarini o‘tkazish, kino ijodkorlari tomonidan filmlar suratga olishda yangi lokatsiyalar kashf qilish uchun qulay imkoniyatlar taqdim etadi.

Mavzuga oid