Jahon | 10:52 / 01.03.2024
5530
6 daqiqa o‘qiladi

Yevroparlament «Ukraina g‘alabasi rejasi»ga ovoz berdi

Yevroparlament deputatlari Ukrainaga harbiy yordamni sezilarli darajada oshirish va o‘q-dorilar taqchilligini bartaraf etish bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, ular Rossiya Federatsiyasi va Belarusga nisbatan sanksiyalar rejimini kuchaytirishni so‘ramoqda.

Foto: AP

Yevropa Ittifoqi barcha davlatlari va ularning NATOdagi ittifoqchilari har yili o‘z yalpi ichki mahsuloti kamida 0,25 foizini Ukrainaga harbiy yordamga ajratishi kerak, deb hisoblaydi Yevroparlament. Bu mamlakatga Rossiya tajovuzkorligini qaytarish uchun hamma narsa berilishi kerak, deya ma’lum qildi qonun chiqaruvchilar. 29 fevral, payshanba kuni Strasburgda 451 nafar yevropalik parlamentariy tegishli rezolyutsiya uchun ovoz berdi, 46 kishi qarshi chiqdi, 49 nafari esa betaraf qoldi.

Rezolyutsiya matnida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Kiyevga ko‘rsatilayotgan harbiy yordam darajasida ularning yalpi ichki mahsulotiga nisbatan foiz nisbatida katta tafovut borligi qayd etilgan. Parlament a’zolari Yevropa Ittifoqining yirik mudofaa-sanoat salohiyatiga ega yirik davlatlarini Ukraina qurolli kuchlariga yordamni zudlik bilan oshirishga chaqirdi. Yevroparlament deputatlari Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda o‘z-o‘zini cheklash bo‘lmasligi kerakligiga ishonchi komil.

O‘q-dorilar yetishmasligini zudlik bilan to‘ldirish lozim

Ular Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlarini qondirish va YeI davlatlarining tugagan zaxiralarini to‘ldirish uchun ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishda Yevropa mudofaa sanoatiga sarmoya kiritishga chaqirdi. «Ukrainaga, ayniqsa, zamonaviy havo mudofaa tizimlari, TAURUS, Storm Shadow/SCALP kabi uzoq masofali raketalar, zamonaviy jangovar samolyotlar, turli turdagi artilleriya va o‘q-dorilar (xususan, 155 mm), dron va ularga qarshi kurashish uchun qurollar kerak», — deya matnda alohida ta’kidlangan.

Ukrainadagi jang maydonida o‘q-dorilar taqchilligi munosabati bilan Yevroparlament Yevropa tinchlik jamg‘armasini ko‘paytirish va undan Ukraina qurolli kuchlari uchun jahon bozorida birgalikda texnika xarid qilish uchun foydalanishga chaqirdi. Deputatlarning fikricha, Yevropa Ittifoqi hukumatlari qurol ishlab chiqaruvchilar bilan muloqotni boshlashi, xususan, Ukraina uchun o‘q-dorilar va raketalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish boshqa buyurtmalardan ustun bo‘lishini ta’minlashi kerak. «Qurol va o‘q-dorilarning yetarli darajada va o‘z vaqtida yetkazilmagani hozirgacha qilingan sa’y-harakatlarga putur yetkazishi mumkin», — deya ma’lum qildi Strasburg. 

Parlament a’zolari Ukrainaning asosiy maqsadi Rossiya Federatsiyasiga qarshi urushda g‘alaba qozonish ekanligini eslatib o‘tdi, bu esa Rossiya barcha kuchlarini, tarafdorlari va ittifoqchilarini Ukraina xalqaro tan olingan hududidan siqib chiqarishni o‘z ichiga oladi. «Bu maqsadga faqat Ukrainaga barcha turdagi qurollarni istisnosiz uzluksiz, barqaror yetkazib berish orqali erishish mumkin», deyiladi rezolyutsiyada. 

Yevroparlamentga ko‘ra, bu urush natijasi va xalqaro hamjamiyatning unga nisbatan tutgan pozitsiyasi boshqa avtoritar rejimlar kelgusidagi harakatlariga ta’sir o‘tkazishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. 

Rossiya va Belarusga qarshi ko‘proq sanksiyalar 

Yevroparlament deputatlari Yevropa Ittifoqini Rossiya va Belarusga nisbatan sanksiyalar siyosatini kuchaytirish, uning samaradorligini kuzatish, ko‘rib chiqish va yaxshilash, shuningdek, cheklov choralarni chetlab o‘tishning oldini olish mexanizmini ishlab chiqishga chaqirdi. Ularning fikricha, Belarusga qarshi sanksiyalar Rossiyaga qarshi sanksiyalarga to‘liq mos kelishi kerak. 

Aniq chora-tadbirlar bo‘yicha parlamentariylarning fikricha, Rossiya uran va metallurgiya mahsulotlariga embargo joriy etish, shuningdek, Rossiya yadro sektori, xususan, «Rosatom» bilan hamkorlikni taqiqlash zarur. Yana bir chora sifatida ular Rossiya qishloq xo‘jaligi va baliqchilik mahsulotlari, qazib olinadigan yoqilg‘i va STGga to‘liq embargo qo‘yish, shuningdek, G7 hamkorlari bilan kelishilgan holda neft narxi chegarasini yanada pasaytirishni keltirdi.

Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish

Yevroparlament Yevropa Ittifoqida muzlatib qo‘yilgan Rossiya davlat aktivlarini musodara qilish va ulardan Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzkorligi oqibatlarini bartaraf etishda foydalanish imkonini beradigan ishonchli huquqiy rejim yaratish zarurligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, Moskva Kiyevga urushdan keyin tovon puli to‘lashga majbur bo‘ladi, demoqda deputatlar.

Yevropa Ittifoqi va uning davlatlari gibrid tahdidlar hamda Rossiyaning Ukraina va YeIdagi siyosiy, saylov va boshqa demokratik jarayonlarga aralashuviga qarshi strategiya ishlab chiqishi kerak, deya ma’lum qildi Yevroparlament. U Ispaniyada Maksim Kuzminovning o‘ldirilishini qoraladi va Yevropa Ittifoqi davlatlarini Rossiya razvedka xizmatlari bunday harakatlariga qat’iy munosabatda bo‘lishga, kontrrazvedka sohasida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.

Ukrainaning «g‘alaba formulasi»

Ushbu rezolyutsiya bo‘yicha muhokama 6 fevral kuni Strasburgda bo‘lib o‘tdi. O‘shanda barcha nufuzli siyosiy guruhlar a’zolari Kiyev bilan misli ko‘rilmagan birdamlikka qaramay, YeI yetarlicha harakat qilmayotganiga ishonch bildirgan edi. Parlamentning Rossiya bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Andrius Kubilius so‘zlariga ko‘ra, bu holat Yevropa yordami hajmi «har bir YeIga a’zo davlat individual ixtiyoriy qarorlariga» bog‘liq ekanligi bilan izohlanadi. «Bizga Ukraina g‘alabasi uchun faqat o‘q-dorilar emas, Ukrainaning barcha harbiy ehtiyojlarini qoplaydigan reja kerak», — dedi u. Ushbu reja Yevropa Ittifoqining har bir mamlakati Ukrainaga milliy YaIM kamida 0,25 foizi miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatiga asoslanishi lozim.

Mavzuga oid