20 martning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar
BYD importiga cheklov bo‘yicha mulohazalar, bekor qilingan davlat xaridlari, Buxoroda ma’muriy qamoqqa olingan vaynerlar, 1 mlrd so‘mga sotilgan mobil aloqa raqami va ilk reysni qabul qilgan Qo‘qon aeroporti - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.
Toshkentda havo sifatini monitoring qiluvchi portal ishga tushdi
Air Tashkent portalida poytaxt hududidagi PM2.5, PM10 i PM1 — mayda zarrachalar darajasi, havo harorati, namlik, atmosfera bosimi kabi ma’lumotlarni olish mumkin. Ko‘rsatkichlar har soatda yangilanadi.
KUN FOTOSI: Qo‘qon aeroporti 1 apreldan qayta faoliyat ko‘rsata boshlaydi
20 mart kuni ertalab aeroport birinchi texnik parvozni qabul qildi — Uzbekistan Airways aviakompaniyasining A320 NEO samolyoti ekipaji Qo‘qon aeroportiga qo‘ndi. Aeroportda uchish-qo‘nish yo‘lagi 2000 metrgacha uzaytirilgan, A320 va ATR72-600 rusumli samolyotlar uchun ikkita to‘xtash joyiga ega perron rekonstruksiya qilingan.
Imom Buxoriyning «At-tarixus-sag‘ir» asari ilk marta o‘zbek tiliga tarjima qilindi
Asar hadis rivoyat qilgan mashhur sahobalar va ularning izdoshlari haqida yozilgan ilk kitoblardan biri hisoblanadi.
KUN RAQAMI
Onlayn auksionda +998(20) 000-00-00 mobil aloqa raqami 1 mlrd 70 mln so‘mga sotildi.
Raqobat qo‘mitasi “O‘zbekneftgaz”ning benzin shoxobchalari bilan ro‘y bergan xususiylashtirishni o‘rganmoqda
Qo‘mita bu oldi-berdini amalga oshirish uchun iqtisodiy konsentratsiya bo‘yicha oldindan rozilik olish kerak bo‘lgani yoki yo‘qligiga baho beradi. Masalaning xususiylashtirish bilan bog‘liq jihatlari esa izoh bermay kelayotgan Davaktivga havola qilindi. Xususiylashtirish o‘tgan yili ro‘y bergan bo‘lishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi BYD importiga ehtimoliy cheklov yuzasidan ham fikr bildirdi
Qo‘mita raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov BYD importini “tartibga solish” masalasi qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqilishi va tegishli taklif kiritilishini ma’lum qildi.
Kun.uz studiyasida jamoatchilik vakillari BYD importiga cheklov joriy etish monopoliyaga yo‘l ochishi haqida fikr bildirishdi
Mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos emas degan gap bu bahona, deydi 3 yildan buyon BYD avtomobillaridan foydalanayotgan bloger Umid G‘afurov. Avtosanoat sohasi mutaxassisi Ashrafbek Olimov BYD’ning bu so‘rovi kompaniyaning rivojlanayotgan davlatlarga asosiy e’tiborini qaratish strategiyasiga mosligini aytdi. Iqtisodchi Otabek Bakirov esa hammasi bir vaqtlar UzDAEWOOAuto qo‘shma korxonasi ochilgan paytdagi jarayonlarni eslatayotganini ta’kidladi.
«O‘zavtosanoat» raisiga ikki o‘rinbosar tayinlandi
Chirchiq shahring sobiq hokimi Davron Hidoyatov boshqaruv raisining innovatsiya va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari, Aleksandr Saxapov sotuvni rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari lavozimini egalladi.
Qirg‘iziston va O‘zbekistonni bog‘lovchi 130 metrli yashirin tunnel aniqlandi
Jalolobod viloyatidagi xonadondan topilgan tunneldan odamlar va yuklarni chegaradan noqonuniy olib o‘tishda foydalanilgan. Xonadon egasi kontrabanda kanalini tashkil qilishda gumon qilinib, qo‘lga olingan.
Logoped Dilorom Jabborovaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi
Bolalar ombudsmaniga ko‘ra, jizzaxlik defektolog, logoped Dilorom Jabborovaga nisbatan duduqlangan bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida davolashga uringani tufayli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Toshkentda BMW avtomobili yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketdi
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida haydovchi va yo‘lovchi tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Buxoroda yo‘l belgisiga qasddan shikast yetkazgan vaynerlarga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi
Ular shahrida avtomobilda harakatlanib, yo‘l belgisiga qasddan shikast yetkazish bilan bog‘liq sahnalashtirilgan holatni tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.
Toshkent viloyatida yer maydonlari davlat mulkiga o‘tkazildi
Toshkent, Piskent va O‘rta Chirchiq tumanlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan bo‘sh yer maydonlari davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Mazkur yer maydonlaridan kelgusida samarali foydalanish ko‘zda tutilgan.
Mavzuga oid
17:48
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024
O‘zbekistonning ShHT budjetidagi ulushi ma’lum bo‘ldi
23:53 / 30.09.2024