Jahon | 11:16 / 09.04.2024
4609
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya IIV Navalnayani RFga qarshi sanksiyalar qo‘llash chaqirig‘i yuzasidan tekshiryapti

«Yedinaya Rossiya» a’zosining iltimosiga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi Yuliya Navalnayaga nisbatan tekshiruv ishlarini olib bormoqda. Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llashga chaqirish 3 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘ladi.

Foto: Johanna Geron/REUTERS

Rossiya ichki ishlar vazirligi (IIV) Yuliya Navalnayaga nisbatan Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalar qo‘llash chaqiriqlari yuzasidan tekshiruv olib bormoqda. Bu haqda 8 aprel, dushanba kuni RIA «Novosti» agentligiga Davlat dumasidagi «Yedinaya Rossiya»  fraksiyasi deputati Andrey Alshevskix ma’lum qildi.

Alshevskixning aytishicha, aynan u muxolifatchi Aleksey Navalniyning bevasi so‘zlarini tekshirish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. «Men e’tibor bergan murojaat va nutq ekspertiza uchun yuborilgani, shu asosda qaror qabul qilinishi haqida javob oldim», — dedi deputat. Rossiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra, mamlakat yoki uning fuqarolariga nisbatan «cheklov choralari»ni joriy etishga chaqirish uch yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘lishi mumkin.

«FBK» direktori Ivan Jdanovning ta’kidlashicha, jinoiy ish qo‘zg‘atish haqida gapirishga hali erta, ichki ishlar vazirligi rasmiy ravishda arizalar bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi shart. «Ammo Yuliya Navalnaya har tomonlama ta’qib qilinishiga shubha yo‘q», deb yozgan Jdanov Telegram’da.

Aleksey Navalniyning o‘limi 

Aleksey Navalniy 16 fevral kuni Yamal-Nenets avtonom okrugi Xarp qishlog‘idagi «Polyarnyy volk» maxsus rejimli koloniyada noaniq sharoitda vafot etdi. O‘lim haqidagi hisobotda siyosatchi tabiiy sabablarga ko‘ra vafot etgani aytiladi. Muxolifatchi tarafdorlari uning o‘ldirilganiga ishonishadi. Navalniyning jasadi bir hafta davomida qarindoshlariga topshirilmadi.

Siyosatchi 1 mart kuni Moskvadagi Borisov qabristoniga dafn etildi va u bilan xayrlashish uchun minglab odamlar keldi. Navalniyning o‘limidan so‘ng unga memoriallar Rossiya shaharlaridagi siyosiy qatag‘on qurbonlari yodgorliklari va boshqa muhim joylarda, shuningdek, Rossiyaning turli mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarida paydo bo‘ldi. Rossiyada xotira tadbirlari qo‘lga olishlar bilan birga kechdi. 

Erining o‘limidan so‘ng, Yuliya Navalnaya o‘z faoliyatini davom ettirishini ma’lum qildi. Yevroparlamentda so‘zga chiqib, u Rossiya rahbariyatiga qarshi kurashish uchun uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash usullaridan foydalanishga chaqirdi - xususan, moliyaviy firibgarlik va «mafiya» sheriklarini izlash hamda YeIda yashiringan pullarni qidirish orqali. 

Mavzuga oid