YeI birinchi marta isroillik ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalar kiritdi
Yevropa Ittifoqi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga hujum qilgan to‘rt yahudiy ko‘chmanchi va ikki aholi punktiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Jismoniy shaxslarning Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlanadi va ularning aktivlari muzlatiladi.
Yevropa Ittifoqi G‘arbiy Sohilda falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik uchun to‘rt «ekstremist» isroillik ko‘chmanchi va ikkita turar-joy punktiga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu shaxslar va tashkilotlar «falastinliklarga qarshi inson huquqlarining jiddiy buzilishi uchun javobgardir», deb e’lon qildi YeI 19 aprel, juma kuni.
Gap «qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi munosabat», shuningdek, «G‘arbiy Sohildagi falastinliklarning mulk, shaxsiy va oilaviy hayotiga bo‘lgan huquqlarining buzilishi» haqida bormoqda.
Falastinliklarga qilingan hujumlar uchun «radikal» Lehava va Hilltop Youth guruhlari, ularning asoschilari Meir Ettinger va Elisha Yered, shuningdek, ko‘chmanchilar Neria Ben Pazi va Yinon Leviga nisbatan sanksiyalar qo‘llandi. Ularning Yevropa Ittifoqiga kirishi taqiqlangan va aktivlari muzlatib qo‘yiladi.
12 aprel kuni YeI 7 oktyabr kuni Isroilga hujum chog‘ida keng tarqalgan jinsiy zo‘ravonlik uchun HAMAS guruhi qurolli bo‘linmalariga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Falastinliklarga qarshi hujumlar ortidan AQSh sanksiyalari
Shu kuni AQSh Moliya vazirligi ham falastinliklar bilan to‘qnashuvlar fonida sanksiyalar kiritdi. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Vashingtonning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan ikki radikal isroillik ko‘chmanchiga moliyaviy yordam ko‘rsatgan ikkita tashkilotga nisbatan jazo choralari qo‘llangan. «Bunday harakatlar G‘arbiy Sohildagi tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikka putur yetkazadi», dedi AQSh moliya vaziri o‘rinbosari Uolli Adeyemo.
Bundan tashqari, Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirning ishonchli odami hisoblangan Lehava guruhi rahbari Ben-Tsion Gopshteynga nisbatan jazo choralari qo‘llangan. Cheklovlar Qo‘shma Shtatlardagi aktivlarni blokirovka qilishni, shuningdek, AQShdagi jismoniy va yuridik shaxslarning sanksiyalar reyestriga aloqador shaxslar bilan biznes yuritishini taqiqlashni nazarda tutadi.
G‘azo sektoridagi urush natijasida oktyabr oyidan beri G‘arbiy Sohilda ham zo‘ravonliklar kuchaygan. Xususan, aprel oyi o‘rtalarida u yerda 14 yoshli yahudiy cho‘pon Binyamin Aximeyr falastinliklar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirildi va bu yahudiy ko‘chmanchilarning hujumlari to‘lqinini keltirib chiqardi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.
Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.
Mavzuga oid
12:03 / 31.10.2024
AQSh O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yana ikki kompaniyaga qarshi sanksiya kiritdi
11:50 / 31.10.2024
Ukraina 2029 yilgacha YeIga a’zo bo‘lishi mumkin – yevrokomissar
11:10 / 31.10.2024
AQSh Rossiya mudofaa vazirining besh o‘rinbosariga qarshi sanksiyalar kiritdi
13:30 / 26.10.2024