Jahon | 13:19 / 22.04.2024
9448
9 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘anning G‘azo bo‘yicha bayonotlari, bosimga dosh berayotgan Ukraina va Xitoyga tahdid qilayotgan AQSh - kun dayjesti

Dunyoda sodir bo‘lgan voqea va hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning kundalik sharhi bilan tanishtirishda davom etamiz.

G‘azodagi vaziyat

Isroil agressiyasining G‘azodagi qurbonlari soni 34 mingdan oshdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, halok bo‘lganlar soni 34 ming 49 kishiga yetgan. Ularning kamida 14 ming 685 nafari voyaga yetmagan bolalar, kamida 9670 nafari ayollardir. Yaradorlar soni 76 ming 901 kishini tashkil etmoqda.

So‘nggi sutka ichida Isroil hujumlari tufayli 37 kishi o‘ldirilgan, 68 kishi yaralangan.

Bu orada Barbados Falastin davlati mustaqilligini tan olish istagini e’lon qildi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Kerri Simmonds bayonot bergan. Bu amalga oshsa, Falastinning mustaqilligini tan olgan va u bilan diplomatik aloqa o‘rnatgan BMTga a’zo davlatlar soni 139 taga yetadi. Ular orasida O‘zbekiston ham bor.

AQSh Vakillar palatasi Isroilga 26 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Falastin prezidenti matbuot kotibi Nabil Abu Rudayna Falastindagi tinchlik mintaqa va dunyoda barqarorlikka olib keladigan yagona yo‘l ekanini ta’kidladi.

«AQShning Isroilga berayotgan yordami Falastin xalqiga qarshi zulmni yanada avj oldirish va tajovuzni ifodalaydi, Isroilga mintaqadagi barcha mamlakatlarni qamrab olishi uchun urush ko‘lamini kengaytirishda yashil chiroq yoqadi», — degan Rudayna.

Turkiya Yaqin Sharq haqida

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyani qabul qildi. Erdo‘g‘an Haniya bilan Isroilning Falastin yerlariga hujumini muhokama qilgan.

Uchrashuvda Erdo‘g‘an Isroil falastinliklarga qilayotgan zulmi uchun kuni kelib albatta javob berishini ta’kidlagan. Shuningdek, Turkiya tomoni Isroilga bir qator sanksiyalarni qo‘llagani aytib o‘tilgan. Erdo‘g‘an adolatsiz urush chog‘ida falastinliklarning bir tan-u bir jon bo‘lib harakat qilishi muhim omil ekanligiga urg‘u bergan.

Turkiya jahon hamjamiyati e’tiboriini falastinliklarga nisbatan qo‘llanayotgan zulmga qaratish borasida diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishini bildirgan.

Anadolu agentligiga ko‘ra, HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniya jangovar harakatlar tugagach, G‘azo sektori falastinliklar tomonidan boshqarilishini ta’kidlagan va Falastin ichki siyosatini isloh qilish rejasi bilan bo‘lishgan.

«HAMAS G‘azo sektorini yakka o‘zi nazorat qilishni talab qilmaydi. Biroq biz Falastin xalqining bir qismimiz va hamkorlikka asoslangan milliy birlik hukumatini tuzib, G‘azo sektorini boshqarish bo‘yicha kelishib olishimiz mumkin. Bu bizning muammolarimiz. Biz okkupantlar yoki boshqalarning G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil yoki ikkalasidagi vaziyatni tartibga solishiga ruxsat bermaymiz», — degan Haniya.

Haniya G‘azo sektorini boshqarishning bir qancha muqobil variantlari taklif qilingani, biroq ular muvaffaqiyatga erishmaganini ta’kidladi.

«Biz Falastinning ichki siyosatini tartibga solish uchun ikki bosqichli reja ishlab chiqdik. Birinchi bosqich falastinliklarning barcha guruhlarini o‘z ichiga oladigan Falastinni ozod qilish tashkilotini qayta tashkil etishdir. Ikkinchi bosqich G‘azoni qayta tiklash, G‘arbiy Sohil va G‘azo sektoridagi siyosiy institutlarni birlashtirish, shuningdek, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishni ta’minlaydigan milliy hukumatni yaratishdan iborat», — degan Ismoil Haniya.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Misr tashqi ishlar vaziri Samih Shukriy bilan Istanbulda uchrashgan.

Shukriy Isroil va Eron o‘rtasida taranglik kuchayishi va mojaro kengayishi xavfi borligini aytib o‘tgan. Shuningdek, bu ikki davlat o‘rtasidagi mojaro jahon hamjamiyatining G‘azo sektoridagi fojiadan e’tiborini chalg‘itganiga urg‘u berilgan.

Xoqon Fidan esa Isroil tomonidan Falastin yerlarining okkupatsiya qilinishi — G‘arb davlatlari tomonidan Yaqin Sharqda yaratilgan beqarorlik bilan bog‘liq muammolarning asosiy sabablaridan biri ekanligini qayd etib o‘tgan.

Ukrainadagi urush

Rossiya 9 mayga qadar Baxmutdan g‘arbroqda joylashgan Chasiv Yar shaharchasini ishg‘ol etishni mo‘ljallamoqda. Iyun oyida esa qarshi hujumni boshlaydi, degan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy.

«Men qurol-yarog‘lar bizga vaqtida yetkaziladi va bosimga dosh bera olamiz, deb hisoblayman», — degan prezident.

Zelenskiyga ko‘ra, agar Ukraina urushda yengilsa Rossiya qo‘shinlari Boltiqbo‘yi davlatlariga bostirib kiradi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta so‘ngida AQSh Kongressi Vakillar palatasi nihoyat Ukraina, Isroil va Tayvanga 95 mlrd dollarlik harbiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini tasdiqladi. Bu pullarning 61 mlrd dollari Ukraina uchun mo‘ljallangan.

Germaniyaliklar esa AQSh tomonidan tasdiqlangan yordam Ukrainaga yetkaziladigan so‘nggi yordam bo‘lishidan xavotirda.

«Bu AQShning uzoq vaqtdan buyon bergan yoki umuman so‘nggi yordami ham bo‘lishi mumkin», — degan Bundestagdagi Yevropa qo‘mitasi rahbari Anton Hofrayter.

Siyosatchining qayd etishicha, Amerikaning Ukrainaga qo‘llovi yordam paketi boshi berk ko‘chaga kirib qolgani inobatga olinsa, uning yana davom etishi nihoyatda noaniq.

Ayni paytda Ukrainaning Rossiyaga yaqin joylashgan yettita hududi ruslarning raketa zarbalaridan ko‘proq jabr ko‘rmoqda. Bular Xarkiv, Odessa, Xerson, Zaporijjya, Chernigiv, Sumi va Dnipropetrovsk oblastlaridir.

Rossiya raketa zarbalarini qaytarish uchun Ukrainaga chuqur eshelonlangan havo hujumidan mudofaa tizimlari kerak.

«Biz hamkorlarimiz, jumladan, AQShdan yordam kelishidan juda umid qilib turibmiz», — degan Ukraina qurolli kuchlari havo qo‘shinlari spikeri Ilya Yevlash.

AQShning Xitoyga tahdidi

Vashington Rossiyaga texnologiyalar yetkazib berayotgani uchun Pekinga nisbatan sanksiyalar qo‘llash bilan tahdid qildi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken toki Xitoy Rossiyaga qo‘sh maqsadli texnologiyalarni yetkazib berishdan bosh tortmas ekan, Vashington Xitoyga nisbatan sanksiyalar joriy qilishga tayyor, deb yozmoqda Financial Times. Blinken 24–26 aprel kunlari Xitoyga boradi va buni xitoylik hamkasblari bilan yuzma-yuz uchrashuvlarda ham aytadi.

Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilari Pekinning Moskvaga hamma narsa — chiplardan tortib, raketa dvigatellarigacha yetkazib berishni to‘xtatishni rad etganiga ortiq chiday olmaydi. Blinken bu masalani Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang I bilan uchrashuvda ham ko‘taradi.

Lekin Vashingtonning aynan qanday choralarni qo‘llashi ochiqlanmayapti. Ayrim manbalarga ko‘ra, AQSh Xitoy moliyaviy muassasalariga nisbatan sanksiyalar joriy etishni ko‘zlamoqda.

AQSh davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kurt Kempbellning fikricha, Yevropa bilan iqtisodiy va siyosiy aloqalarini kuchaytirishga intilayotgan Xitoy Rossiyaga qo‘sh maqsadli texnologiyalarni yetkazib berish bilan Yevropa xavfsizligiga tahdid solmoqda.

Qorabog‘dan Ukrainagami?

Rossiya Qorabog‘ hududidan chiqarilgan qo‘shinlar va harbiy texnikalarni Ukrainadagi urushga yo‘naltirishi mumkin. Bu haqda BILD nashrining harbiy tahlilchisi Yulian Ryopke ta’kidlab o‘tgan.

2020 yilning kuzidan boshlab Ozarboyjonning Qorabog‘ hududiga joylashtirilgan tinchlikparvar kuchlarini Rossiya shu haftadan boshlab chiqara boshlagan. Harbiy kontingent 2 ming askardan iborat bo‘lgan. Ularga biriktirilgan og‘ir harbiy texnikalar ham Dog‘iston orqali Ozarboyjondan olib chiqib ketilmoqda.

Ryopkening qayd etishicha, bu kontingent o‘zlariga biriktirilgan yangi BTR-82A zirhli texnikalar bilan to‘g‘ri Ukrainaga yo‘l olishi mumkin.

Mavzuga oid