Iqtisodiyot | 10:10 / 24.04.2024
4512
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning yana bir hududida O‘zbekiston Savdo uyi ochildi

Rossiyaning Ivanovo viloyatida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Savdo uyi ochildi.

Foto: "Dunyo" AA

"Dunyo" xabariga ko‘ra, savdo uyi O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etildi. Unda Made in Uzbekistan yorlig‘i ostidagi O‘zbekiston sanoatining keng assortimentidagi yuqori sifatli hamda raqobatbardosh mahsulotlari taqdim etiladi va sotiladi.

O‘zbekiston elchisi Baxtiyor Asadov o‘z ma’ruzasida ushbu loyihani amalga oshirishni ikki mamlakat hukumatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi tomonlarning mushtarak maqsadi – barqaror iqtisodiy o‘sish uchun shart-sharoit yaratish, ikki davlat eksport-import bozorini diversifikatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya tadbirkorlari hamda ishlab chiqaruvchilari uchun biznes imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat ekanini ta’kidladi.

Ivanovo viloyati Savdo-sanoat palatasi rahbari Leonid Ivanov o‘z chiqishida Rossiya bozori O‘zbekistondan oziq-ovqat mahsulotlari, to‘qimachilik, hunarmandchilik va kulolchilik buyumlarini import qilishdan doimo manfaatdor ekanini bildirdi. Shuningdek, Ivanovo viloyatida mamlakatimiz Savdo uyining ochilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivojida yangi bosqich bo‘lishi qayd etildi.

Mavzuga oid