Jahon | 17:20 / 28.04.2024
33719
6 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: RF armiyasi Donetsk oblastida mudofaani yorib o‘tdi

Ocheretino qishlog‘i hududida mudofaa chizig‘i yorib o‘tilishi Ukraina qurolli kuchlari uchun deyarli butun Donetsk oblastidagi mag‘lubiyat xavfini tug‘diradi. RF qurolli kuchlari AQSh yordami frontga yetib kelmasidan kattaroq yutuqqa erishishga harakat qilmoqda.

Foto: Reuters

Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivka boy berilganidan keyingi ikki oy ichida baribir navbatdagi barqaror mudofaa chizig‘ini tashkil eta olmadi. Rossiya qo‘shini bir necha kun ichida Ukraina qurolli kuchlari uchun eng xavfli hisoblangan uchastkada yetti kilometr masofada oldinga siljidi va deyarli hech qanday qarshiliksiz Ocheretino posyolkasini egalladi. Ukrain qo‘mondonligi endi Avdiyivka shimolidagi mudofaa ikki qismga ajratib tashlangan vaziyatga tushib qoldi, bu inqirozli uchastkaga tashlash uchun esa oldingi janglarda hoydan toygan birgina 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi bor. Endi Donetsk oblastining janubi va g‘arbidagi Ukraina nazoratida qolgan butun hududlar xavf ostida qolmoqda.

Avdiyivka fronti

  • 2022 yilda tuzilgan 47-brigada g‘arb qurollari bilan ta’minlangan — jumladan Leopard-2 tanklari va Bradley jangova piyodalar mashinalari bilan — uning bo‘linmalari ilk bor 2023 yil iyunida Zaporijjya oblastining Rabotine qishlog‘ida jangga kirgan. O‘shanda bo‘linmalar katta qurbonliklar bergan, ammo baribir Rossiya mudofaasini yorib o‘tolmagandi.
  • 2023 yil oktyabrida brigada shoshilinch tarzda, Rossiya qo‘shini kutilmaganda yorib kirishi ortidan Avdiyivka frontining shimoliy qanotiga olib o‘tiladi. Bu yerda 47-brigada yana yo‘qotishlarga uchradi; shu bilan birga, u RF qurolli kuchlarining yurishini Avdiyivka koks kimyo zavodi hamda Stepove qishlog‘i hududida to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo fevral oyida Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkani ham, zavodni ham va Stepoveni ham tark etib, Durnaya daryosi bo‘yidagi Berdichi va Semenovka qishloqlariga chekindi.
  • Nihoyat, aprel oyida Rossiya qo‘shini 47-brigadaning Berdichidagi mudofaasini shimoldan aylanib o‘tdi. Zarba Avdiyivka — Pokrovsk temiryo‘li bo‘ylab berildi. RF qurolli kuchlari yo‘l-yo‘lakay Ocheretino posyolkasini egallashdi. U Ukraina qurolli kuchlari yangi mudofaa liniyasini qurishga harakat qilgan Durnaya va Volchya daryolari vodiysidan tepalikda joylashgan.
  • Shundan keyin 47-brigadaga tegishli Bradley mashinalarini RF qurolli kuchlari yorib o‘tgan joydan shimolda, Novokalinovo qishlog‘i hududida ham, janubda, Rossiya qo‘shini egallab olgan Solovevo qishlog‘i chekkalarida ham uchratishgan.
  • Ocheretinoning o‘zida oxiriga qadar 115-mexanizatsiyalashgan brigada mudofaalandi. Ammo, ukrain manbalari qayd etishicha, brigada noma’lum sababga ko‘ra, Rossiya tanklari hujum boshlashi arafasida posyolkani tark etgan. Brigada qo‘mondonligi bunda aybni o‘zidan soqit qilmoqda.
  • Ocheretino qulagach, ukrainlarning mazkur hududdagi mudofaasida katta teshik yuzaga kelgan: endi yagona mudofaa chizig‘i yo‘q, Ukraina qurolli kuchlarining oldindagi tayanch punktlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa uzilgan.
  • Mudofaa chizig‘i yorib o‘tilgan hududga zaxira kuchlari olib kelish hozircha samara bermadi. RF qurolli kuchlari egallangan hududlarni kengaytirishga harakat qilmoqda. Ocheretino va Solovevoddan tashqari, Novobaxmutovka qishlog‘i, Semenovka va Berdiche qishloqlarining katta qismi (bu qishloq Ocheretino qulagach, qurshovga tushish xavfi ostida qolgan).
  • Endi Ukrainaga Donetsk oblastining g‘arbiy va janubiy qismlarida mag‘lubiyat tahdid solmoqda. Agar Ukraina qurolli kuchlari bu uchastkada barqaror mudofaa tashkil eta olmasa, Rossiya qo‘shini yurishni Pokrovsk va/yoki Konstantinovka shaharlari tomon rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ocheretinodan Pokrovskka olib boruvchi yo‘l o‘tgan. Ukraina harbiy razvedkasi rahbari Kirill Budanov aynan ushbu shahar Rossiya qo‘shinlarining shu yil bahori va yozidagi asosiy zarba yo‘nalishi bo‘lishini aytgandi. Bu vaqtda RF qo‘shini Konstantinovkaga ham sharqdan — Baxmut tomondan yurish boshlagan.

Krasnohorivka

 

  • Ocheretino atrofidagi mag‘lubiyat Ukraina qurolli kuchlarining 115-mexanizatsiyalashgan brigadasi aybi bilan bo‘lgan bo‘lsa ham, bu ukrain mudofaasidagi inqirozning obektiv sabablarini bekor qilmaydi. Ukrainada brigadalarda shaxsiy tarkib hamda artilleriya uchun o‘q-dorilar yetishmovchiligi va Rossiya aviatsiyasi qarshilikka uchramasdan zarbalar bera olishi shunga olib keldiki, Ukraina qurolli kuchlari hatto juda mustahkam pozitsiyalarini ham ushlab tura olmayapti. Xususan, RF qurolli kuchlari Ukraina 2015 yildan buyon mudofaaga tayyorlab kelgan Krasnohorivka shahrining kattagina qismini bir necha kun ichida egallab oldi.
  • Rossiya harbiylari qo‘shni Maryinka shahrini deyarli ikki yil davomida shturm qilishiga to‘g‘ri kelgandi. Ukraina qurolli kuchlari Maryinka va Krasnohorivka shaharlari oralig‘idagi pozitsiyalarni yana bir necha oy davomida himoya qildi. Endi muntazam ravishda aviazarbalar berilayotgan shahar bir necha hafta ichida boy berilishi mumkin.
  • Ukraina qurolli kuchlarining mazkur uchastkadagi mudofaasi qulasa, bu ukrainlarning Donetsk oblastidagi butun mudofaasi qulashiga olib kelishi mumkin. Shunda Rossiya qo‘shini Krasnohorivka va Maryinkadan Kuraxovodagi muhim transport tuguniga yurish qilishi mumkin bo‘ladi, bu Ukraina qurolli kuchlarining Vuhledar va uning atrofiga ta’minot yetkazib beriladigan nuqta hisoblanadi. 

Mavzuga oid