O‘zbekistonda payshanba kunidan yomg‘ir yog‘ishi va havo harorati pasayishi kutilmoqda
Hafta birinchi yarmida aksariyat hududlarda quruq ob-havo bo‘lishi, harorat +33 darajagacha ko‘tarilishi kutilyapti. Payshanbadan nam havo massalari barcha hududlarga tarqaladi. Harorat +20 darajagacha pasayib, yomg‘ir yog‘adi.
9−10 may kunlari O‘zbekistonning barcha hududlariga nam havo massalari tarqaladi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, dushanba kuni kunduzi respublikaning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari ayrim joylarida va Farg‘ona vodiysi ba’zi joylarida kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Havo harorati +23…+28 daraja atrofida bo‘ladi.
Seshanba va chorshanba kunlari respublikaning g‘arbiy hududlariga nam havo yana bir qismi kirib kelishi boshlanadi. 7−8 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 8 mayda Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi.
Respublikaning qolgan hududlarida bu kunlari quruq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati +30…+33 darajagacha ko‘tariladi.
9−10 may kunlari ko‘p viloyatlarda yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda momaqaldiroq bo‘ladi. Faqat 9 mayda Farg‘ona vodiysida, 10 mayda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘ishi kutilmaydi. Bu kunlarda havo harorati pasayadi va 10 mayga kelib +20…+25 darajagacha bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7−12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi. Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6 mayda kunning ikkinchi yarmida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. 7−8 mayda yog‘ingarchilik kutilmaydi. 9−10 mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda (2000 metrdan yuqorida) 10 may kuni yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi.
Toshkent shahrida 6 mayda kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +26…+28 daraja bo‘ladi. 7−8 may kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat +30…+33 darajagacha ko‘tariladi.
9 mayda kun ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +30…+32 daraja bo‘ladi. 10 mayda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat +22…+25 darajagacha pasayadi.