«Makfa» egalari kompaniya aksiyalarini sotib olmoqchi
Makaron ishlab chiqaruvchisi egalari davlatga aksiyalarni sotib olish va kompaniyani boshqarishda Federal mulkni boshqarish agentligining ishtiroki bilan kelishuv bitimini taklif qildi.
Olti ming xodimga ega makaron ishlab chiqaruvchi «Makfa» korxonasi egalari davlat bilan kelishuv bitimi tuzib, kompaniya aksiyalarini sotib olmoqchi. Bu haqda «RBK» internet-nashri 7 may, seshanba kuni advokat Igor Trunovga tayanib yozmoqda.
Shartnoma shartlariga ko‘ra, «hozirgi egasi korxonani sotib oladi va davlat uni boshqarishni o‘z zimmasiga oladi», deb yozadi nashr uning so‘zlariga tayanib. Bundan tashqari, Trunov ta’kidlaganidek, «Makfa» har yili «maxsus harbiy operatsiya bilan bog‘liq xayriya maqsadlari uchun» 1 milliard rubl ajratadi. Shartnomadagi uchinchi tomon Federal mulkni boshqarish agentligi bo‘lishi kerak.
Trunov joriy sanksiyalar fonida kompaniyaning davlat boshqaruviga o‘tishi xorijiy uskunalarga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar tufayli ishlab chiqarish to‘xtab qolishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu sababli, mintaqada non mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelishi mumkin.
Bosh prokuraturaning «Makfa»ni milliylashtirish bo‘yicha da’vosi
28 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi Chelyabinsk markaziy tuman sudiga Rossiyaning eng yirik makaron mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan «Makfa» AJ aktivlarini davlat daromadiga aylantirishni talab qilib, da’vo arizasi bilan chiqdi.
Departament ma’lumotlariga ko‘ra, bu va boshqa bir qancha korxonalar, jumladan, «Smak» va «Chelyabinskoblgaz» korrupsion kelib chiqishga ega, chunki ularning benefitsiarlari – Chelyabinsk viloyati sobiq gubernatori Mixail Yurevich va Davlat dumasi sobiq deputati Vadim Belousov davlat xizmatida bo‘lganida tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. Shu tariqa, ular «ko‘p yillar davomida korrupsiyaga qarshi qonunchilikda belgilangan taqiq va cheklovlarni buzgan», deb yozadi «Kommersant».
1 aprel kuni TASS agentligi Yurevich va Belousov qarindoshlarining umumiy qiymati 100 trillion rubl miqdoridagi hisobraqamlari va aktivlari xatlovga olingani haqida xabar berdi. Qayd etilishicha, xatlov Bosh prokuraturaning «Makfa» va unga qarashli kompaniyalarning Rossiya Federatsiyasi manfaatlari yo‘lida mulkini undirish to‘g‘risidagi da’vosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilgan.
«RBK»ning 7 maydagi maqolasida ta’kidlaganidek, 100 trillion rubl 2024 yil 1 mart holatiga ko‘ra, muomaladagi rubl pullarining umumiy miqdoridan (99,4 trillion rubl) ko‘proqdir. «Makfa» advokati Pavel Xlyustov bu miqdorni «sud ijrochisi ijodining mahsuli» deb atadi», — deb yozadi «RBK».
Mavzuga oid
13:43 / 01.04.2024
Rossiyada «Makfa» ishi bo‘yicha 100 trillion rubllik aktivlar xatlovga olindi
22:43 / 25.03.2019
Ishchanlikni susaytiruvchi va oshiruvchi mahsulotlar ma'lum qilindi
15:11 / 05.04.2018
Makaron mahsulotlari ozishga yordam beradimi?
09:14 / 08.02.2017