El-Ninyo iqlim hodisasi yakunlandi, ammo oqibatlari davom etmoqda
Olimlar iqlim o‘zgarishi oqibatlari tufayli yangi harorat rekordlari bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.
2023-2024 yillardagi El-Ninyo iqlim hodisasi yakunlandi, ammo iyul oyining o‘rtalariga qadar global iqlimga ta’sir qilib, ob-havoni isitishda davom etadi.
Bu haqda Turkiyaning Bo‘g‘oziji universiteti qoshidagi Iqlim o‘zgarishi va siyosati tadqiqot markazi direktori, professor Levent Kurnaz ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davrda dunyoda El-Ninyo ta’siri tufayli harorat rekordlarining yangi to‘lqini kuzatilishi mumkin.
«AQSh Milliy okean va atmosfera tadqiqotlari agentligi (NOAA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda yer yuzasining o‘rtacha harorati butun XX asrdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,18 daraja yuqori bo‘ldi. XX asrda sayyoramizning o‘rtacha harorati taxminan 13,9 daraja edi. 2016 yilda bu farq 0,15 darajani tashkil qildi», dedi u.
Olimlarning fikriga ko‘ra, issiqxona gazlari emissiyasidan tashqari, El-Ninyo fenomeni o‘tgan yili global haroratning oshishiga katta hissa qo‘shgan.
Avstraliya meteorologiya byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil iyun oyida El-Ninyoning boshlanishi va 2024 yil aprel o‘rtalarida tugashi oralig‘ida 248 kunlik rekord issiqlik kuzatildi.
Levent Kurnaz so‘zlariga ko‘ra, Peru qirg‘oqlarida El Ninyo faolligi pasaygan. Shu bilan birga, u hozirgi hodisa hali ham 1998 va 2016 yillardagi «super El-Ninyo»dan zaifroq ekanini ta’kidladi.
Professor global isish tufayli yoz uzoqroq va issiqroq, qish esa qisqaroq va issiqroq bo‘lib borayotganini ta’kidladi.
«Bugun qish tugashi va bahor qachon boshlanishi yoki kuz tugashi va qish qachon boshlanishi aniq emas. Yozgi mavsumga o‘tish davrida ham xuddi shunday manzara kuzatilmoqda», dedi u.
«El-Ninyo» (ispancha – bolakay) ob-havo fenomeni o‘rtacha 2-7 yilda bir marta sodir bo‘ladi va odatda 9 oydan 12 oygacha davom etadi. Bu Tinch okeani markaziy va sharqiy tropiklarida suv yuzasidagi haroratning ko‘tarilishi bilan bog‘liq iqlim rejimi hisoblanadi. Ammo bu inson faoliyati natijasida o‘zgargan iqlim sharoitida ham sodir bo‘ladi.