Jahon | 12:51 / 19.06.2024
10557
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya A-50 ayg‘oqchi samolyoti Ukraina tomonidan urib tushirilganini tan oldi

A-50 uzoq radiolokatsion aniqlash samolyoti 23 fevral kuni urib tushirilgan. Moskva sudi Ukraina zenitchilari qo‘mondonini «qurolsiz va jangovar foydalanish uchun mo‘ljallanmagan samolyotni» yo‘q qilgani uchun sirtdan hibsga oldi.

Foto: Vladimir Gerdo/TASS/dpa/picture alliance

Rossiya 23 fevral kuni A-50 ayg‘oqchi samolyoti Ukraina harbiylari tomonidan urib tushirilganini tan oldi. Bu haqda 17 iyun, dushanba kuni Tergov qo‘mitasi va Moskva umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan Ukraina Qurolli kuchlarining 138-zenit-raketa brigadasi qo‘mondoni, polkovnik Nikolay Dzyamanning sirtdan hibsga olingani haqidagi xabarlarda aytilgan.

Rossiya rasmiylari Dzyamanni terrorchilikda ayblamoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Dzyaman A-50 samolyoti «jangovar harakatlar uchun mo‘ljallanmagani va qurolga ega emasligi», parvozi «faqat Rossiya havo hududida» amalga oshirilganligini bila turib, uni yo‘q qilishni buyurgan. 

Ukrainalik zobit qidiruvga berildi. Moskvadagi sud majlisida uni sud tomonidan tayinlangan advokat Viktor Abashin himoya qildi. U Dzyamanning hibsga olinishiga qarshi ekanligini bildirdi. 

A-50 turidagi samolyot avval ham yo‘q qilingan

Joriy yilning 23 fevralida A-50 uzoq radiolokatsion aniqlash samolyoti urib tushirildi. Uning parchalari Krasnodar o‘lkasi, Kanevskiy tumani, Trudovaya Armeniya xutori hududidan topilgan. O‘shanda Ukraina va Rossiya resurslari samolyot yo‘q qilingani haqida xabar berishdi. Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari qo‘mondonligi A-50 Ukraina tomoni tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. Rossiyalik harbiy blogerlar «do‘stona o‘t ochish» yuz bergani haqida yozishdi. 

Bundan oldin, 14 yanvar kuni Berdyansk yaqinidagi Azov dengizi uzra yana bir A-50 rus samolyoti urib tushirilgan. O‘shanda Rossiya samolyot yo‘qolganini tan olmadi. A-50, xususan, havo va yerusti nishonlarini aniqlash va kuzatish, qo‘mondonlik punktlarini havo va yer yuzasidagi vaziyat haqida ogohlantirish uchun ishlatiladi. Rossiyada bunday mashinalar soni o‘ntadan kam.

Mavzuga oid