O‘zbekiston | 11:37 / 22.06.2024
9092
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi Samarqand viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi ushlandi

U Samarqand tumanidagi korxona faoliyatini tekshirish davomida qoidabuzarlikni aniqlagan va korxonani bankrot deb e’lon qilish masalasini hal etib berish evaziga 1200 dollar talab qilgan. DXX, prokuratura departamenti va IIO hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sud boshqaruvchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi. 

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazdi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda, Buxoro shahrida joylashgan Geodeziya va topo xaritalar tuzish bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mahalliy qurilish firmasiga qarashli 701 m2 bo‘lgan yer maydonida ko‘p qavatli uy qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini vakolatli tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 25 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 12500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, undan arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini tayyorlab berish evaziga 5000 AQSh dollari olgan vaqtida viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlovchi mansabdor tanishi ham ushlandi.

O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Samarqand viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi Samarqand shahar iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Samarqand tumanidagi xo‘jalik mollari savdosi bilan shug‘ullanuvchi oilaviy korxonani tugatish boshqaruvchisi etib tayinlangan.
 
U korxona faoliyatini tekshirish davomida, amaldagi qonun hujjatlari talablarini buzgan holda 1 mlrd 916 mln so‘m pul mablag‘i boshqa shaxslarga moliyaviy yordam sifatida o‘tkazib yuborilganligi holatini aniqlaydi va ushbu pul mablag‘i qaytarilmasdan korxonani bankrot deb e’lon qilish masalasini ijobiy hal qilib berish evaziga 1200 AQSh dollari talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, sud boshqaruvchisi so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ushlandi. 

O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasining Buxoro viloyati bo‘limi sud boshqaruvchisi G‘ijduvon tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan, Shofirkon tumanidagi bino-inshootlarni qurish va ta’mirlashga ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyatni tugatishga mas’ul etib tayinlangan.

Lekin, u mansab mavqeyini suiiste’mol qilgan holda MChJ rahbarini ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan qayta tekshiruv o‘tkazilmasligi hamda davlat reyestridan chiqarishda sud va soliq idoralaridagi mansabdor tanishlari orqali yordam berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilib, muqaddam 200 AQSh dollari oladi. 

Sud boshqaruvchisi qolgan 800 AQSh dollarini olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va prokuratura organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

2023 yilning sentabr oyida Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi tomonidan yetkazilgan zarar qoplanganligi bois, joriy yilning yanvar oyida JIB Zafarobod tuman sudining hukmi bilan, unga nisbatan 18 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Jizzax shahrida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi rahbari esa o‘zining himoyasida bo‘lgan mazkur sudlanuvchining qarindoshlaridan muqaddam shartnoma asosida 5 mln so‘m, shuningdek, shartnomasiz 4900 AQSh dollari olgan bo‘lsa-da, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishida go‘yoki huquq-tartibot idoralaridagi tanishlariga pul berganligini aytib, yana 3 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid