Jamiyat | 23:02 / 27.06.2024
21703
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda “moykachi” yigit qimmatbaho mashinani boshqarib YTH sodir etdi

Qo‘shimcha jihozlash ishlari bilan hisoblaganda 50 ming dollar atrofida narxlanadigan mashinaga jiddiy zarar yetgan. Bundan tashqari yana ikkita mashina shikastlangan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Samarqand shahrida mashina yuvish shoxobchasida ishlovchi yigit mijozning qimmat mashinasini boshqarib yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Viloyat IIB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, hodisa 2024 yil 20 iyun kuni soat 17:00 larda sodir bo‘lgan.

Mashina yuvish shoxobchasi ishchisi mijozning qimmatbaho ZEEKR 001 rusumli avtomobilini o‘zboshimchalik bilan boshqarib chiqib YTH sodir etgan.

Oqibatda ZEEKR 001, Kia Bongo kichik yuk mashinasi va Lasetti shikastlangan. Hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda hodisa qanday yuz bergani tasvirlangan video tarqaldi. Unda “moykachi” yigit qimmat mashinani boshqarib ketayotib yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborishiga bir baxya qolganini ko‘rish mumkin.

Yigit Samarqand shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida mashina boshqaruvini yo‘qotgan. Shunda ZEEKR 001 yo‘l chetida to‘xtab turgan Kia Bongo kichik yuk mashinasiga urilgan.

Kuchli zarba tufayli Kia Bongo o‘zidan oldinda turgan Lacetti'ning orqasidan urgan. Oqibatda har uchala mashina shikastlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB JXX YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan yo‘llarda harakatlanganda yo‘l harakati qoidalariga amal qilgan holda avtomashinasini boshqarishlarini so‘rab qolamiz”, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid