O‘zbekiston | 09:51 / 28.06.2024
8704
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina va Ozarboyjon fuqarolari Toshkent viloyatida narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlandi

Ukraina fuqarosi va Ozarboyjon fuqarosi vaqtincha istiqomat qilayotgan Yuqori Chirchiqdagi xonadonda sintetik giyohvandlik vositasi, yarim tayyor narkotik moddalar hamda prekursorlar borligi aniqlandi. Ular bu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xomashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan. 

Foto: Videodan kadr

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Ukraina fuqarosi va Ozarboyjon fuqarosi vaqtincha istiqomat qilayotgan Yuqori Chirchiq tumanidagi xonadonda 411 gr “Alfa-PVP” sintetik giyohvandlik vositasi, 7 kgga yaqin yarim tayyor narkotik moddalar hamda 237 kg prekursorlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular ushbu manzilda yashirin narkolaboratoriya tashkil etib, xorijdan keltirilgan xomashyolar yordamida sintetik giyohvandlik vositalarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullanishgan. 

Sergeli tumanida qayd etilgan holatda, qo‘shni respublikadan xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtobus orqali yuborilgan 4 kg 799 gr “Alfa-PVP” sintetik narkotikni qabul qilib olgan vaqtida mazkur tumanda yashovchi shaxs qo‘lga olindi. Aniqlanishicha, u “Telegram” messenjerida faoliyat yurituvchi narkodo‘kon uchun ombor vazifasini bajarib kelgan.

Boshqa holatda esa, Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi shaxs o‘zining yashash xonadoni yaqinida joylashgan elektr transformatori ostiga kelgusida sotish maqsadida 584 gr “gashish” moddasini yashirib qo‘yganligi aniqlanib, ushbu giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur fuqaro “Telegram” messenjerida narkodo‘kon tashkil qilib, xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan. 

Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qonunbuzarlarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Mavzuga oid